Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada elektr energiyasini saqlash tizimini qurish loyihasiga start berildi
10:20 / 2024-04-12

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida Xitoyning “China Energy Construction Gezhouba Overseas Investment Co., Ltd.” kompaniyasi tomonidan amalga oshirishga kirishilayotgan quvvati 150 MVt (300 MVt soat) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish loyihasining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda “China Energy Construction Gezhouba Overseas Investment Co., Ltd.” rahbariyati, viloyat mutasaddi tashkilotlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil fevral oyidagi “Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida quvvati 150 MVt (300 MVt soat) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Xitoy kompaniyasi ushbu loyihaga dastlabki baholash bo‘yicha jami 144 million dollar miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar kiritishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov barchani yurtimizda keng nishonlanayotgan Ramazon hayiti bayrami bilan tabriklab, ushbu Muborak kunlarda boshlanayotgan ushbu loyiha hayrli va manfaatli bo‘lishiga tilak bildirdi.  

So‘nggi ikki yil davomida iqtisodiyotning eng muhim tarmog‘i bo‘lgan energetika sohasida jadal islohotlar amalga oshirilayotganligini qayd etgan viloyat hokimi mamlakatimizni energiya ta’minotini barqaror ta’minlash maqsadida muqobil elektr tarmoqlari yo‘nalishida ya’ni quyosh, shamol elektr stansiyalri qurish borasida shaxdam ishlar amalga oshirilayotganligiga to‘xtaldi.  

Qayta tiklanuvchi energiyalarni joriy qilishda eng katta ko‘mak va yordam berib, o‘z mablag‘larini yo‘naltirayotgan davlatlar orasida Xitoyning yirik kompaniyalari eng katta ulushni egallayotgani e’tirof etildi.  

Quyosh energiyasi ishlab chiqarish, quyosh panellaridan foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilayotganligi, lekin quyosh bor paytda tarmoqda energiya quvvati oshib, kechga borib energiya quvvati pasayishi, energetika tizimidagi nomutanosiblikni bartaraf qilish uchun shunday stansiyalar juda muhim va bugungi davr talabi ekanligi aytib o‘tildi. Bunday elektr energiyasini saqlash stansiyasini, mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston tumanida ham barpo etishga kirishilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tadbirda Qur’on tilovat qilinib, yaxshi niyatlar bilan duoyi fotiha o‘qildi. Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida mazkur loyihaga start berildi.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri