English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada dorivor o‘simliklar ekish rejasi nega to‘liq bajarilmadi?
14:10 / 2022-10-14

Dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, dorivor o‘simliklar yetishtiriladigan plantatsiyalar tashkil etish, ularni qayta ishlash muhim yo‘nalishlardan biridir.

Amaldagi qonunchilikka asosan, o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma belgilangan tartibda, tasdiqlangan kvotalar doirasida beriladi. 
  
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan dorivor o‘simliklarni tabiiy muhitdan terib olishga kvota ajratish va uning shartlariga qat’iy rioya qilinishi yuzasidan olib borilayotgan ishlar holati Farg‘ona viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi. O‘rganish yakunlari qo‘mita yig‘ilishida muhokama etildi. 
  
— Prezidentimizning 2022 yil 20 maydagi “Dorivor o‘simliklar xom ashyo bazasidan samarali foydalanish, qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni dorivor o‘simliklar xom ashyo bazasidan samarali foydalanish, sohadagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish imkonini yaratmoqda, — dedi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi Xayrullo G‘afforov. — Mazkur hujjatda Oliy Majlis palatalariga dorivor o‘simliklarni tabiiy muhitdan terib olishga kvota ajratish va uning shartlariga qat’iy rioya qilinishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish tavsiya etilgan. Shu maqsadda Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlarda ma’lum bo‘ldiki, viloyat bo‘yicha 2020 yilda belgilangan kvotalar miqdori 153,8 tonna, 2021 yilda 162,5 tonna hamda 2022 yilda 26 tonnani tashkil etgan. Unga asosan dorivor, ozuqabop va yovvoyi turdagi o‘simliklarning texnik xom ashyosini tayyorlash uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilgan. 
  
Yig‘ilishda qayd etilganidek, Farg‘ona viloyati o‘rmon fondi yerlarida Fanlar akademiyasi tomonidan o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan foydalanish, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning texnik va dorivor xomashyosini yig‘ish, tayyorlash bo‘yicha so‘nggi uch yil davomida kvota ajratilmagan. 2022 yilda Farg‘ona viloyati o‘rmon fondi yerlarida jami 73 gektar maydonda dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar plantatsiyalari barpo etildi. bugungi kunga qadar ushbu plantatsiyalardan 13,3 tonna dorivor o‘simliklar xom ashyosi tayyorlandi. 
  
Yig‘ilishda sohada yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar, ba’zi muammolar mavjudligi aytib o‘tildi. Jumladan, joriy yil yakuniga qadar Farg‘ona viloyatida 199 gektar dorivor o‘simliklar ekish rejasi belgilab olingan bo‘lib, bugungi kun holatiga rejaga kiritilmagan tumanlarni qo‘shib hisoblaganda, 183 gektarda 10 turdagi dorivor o‘simliklar ekilgan. Biroq, rejaga asosan Quvasoy shahrida 12 gektar, Farg‘ona tumanida 57 gektar maydonda dorivor o‘simliklar ekilmasdan qolmoqda. 
  
Farg‘ona viloyatida 2022-2023 yillarda dorivor o‘simliklar klasterini tashkil etish bo‘yicha 2 ta loyiha takliflari ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, ushbu loyihalarni ishga tushirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish maqsadida mos bo‘lgan yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga qo‘yish kechiktirilgan. 
  
Muhokamalarda so‘z olgan qo‘mita a’zolari aniqlangan bu kabi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator tavsiya va takliflarni bildirdilar. 


  
M.Komilova, O‘zA