Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan farg‘onalik “Hizb ut-tahrir al-islomiy” diniy ekstremistik oqimi a’zosi qo‘lga olinib, sud hukmi bilan 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Odam bolasi bu hayotda bilib-bilmay xato qilishi, adashishi mumkin. Ammo Marg‘ilon shahrilik Vahob Akramov tanlagan yo‘li razolatligini bilsa-da, undan chekinmadi. 1999-yilda “Hizb ut-tahrir” tashkilotiga qasamyod qilib, uning safiga kirgan. Jamoat joylarida, bozorlarda diniy oqimning varaqalarini tarqatib kelgan chog‘da qo‘lga tushgan. Bu qilmishi uchun Jinoyat Kodeksining 159-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, 6-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ming afsuski, mazkur jazoni to‘liq o‘tab, ozodlikka chiqqach ham xulosa qilmadi. Oila-a’zolarini olib, noqonuniy yo‘l bilan qo‘shni Qirg‘iz Respublikasiga qochib o‘tadi. Vahob Akramov xavfli retsidivist bo‘lgani holda «Hizb ut-tahrir al-islomiy» xalqaro terroristik tashkilotiga “sodiqlik qasamyodi”ni qabul qilib, O‘zbekiston Respublikasi hududida, keyinchalik butun dunyoda shariat qonunlariga asoslangan xalifalik davlatini qurish bilan bog‘liq jinoiy harakatini davom ettiradi. Qirg‘iz Respublikasida bu tashkilotning a’zolari bilan uchrashib, jonli “halqa” yig‘inlarida ishtirok etgan. Shu bilan birgalikda tashkilot safiga yangi a’zolarni jalb etish va qabul qilingan a’zolarga diniy ta’lim berish ishlari bilan shug‘ullangan. U “mas’ul” lavozimga tayinlanib, O‘zbekistonda, xususan, Farg‘ona viloyati Bag‘dod va Buvayda tumanlarida tashkil etilgan tashkilot “halqa”sining a’zolari sanalgan M.Soliyev, P.Soliyev, X.Mamajonov, G‘.Bekmirzayev va boshqalarga diniy ekstremistik ruhdagi adabiyotlardan saboq berib kelgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bag‘dod sudi tomonidan Vahob Akramovning jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sud hukmi o‘qildi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri