Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada davlat mukofotlari topshirildi (+video)
16:51 / 2025-08-28

Keyingi yillarda Farg‘ona viloyati ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda keskin yuksalish sari yuz tutdi. Birgina joriy yilning o‘zida viloyatga o‘tgan yilgiga qaraganda 2 barobar ko‘p, ya’ni 3,7 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya kiritiladi.

Buning hisobiga 1,5 milliard dollarlik mahsulot eksportga chiqariladi, 44 mingga yaqin doimiy yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Sanoat, xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohalarida 1182 ta loyiha ishga tushirildi. Eksport geografiyasi 22 ta davlatga ko‘paydi. Ko‘p qavatli turarjoylar qurilishi, viloyat markazi, tuman va shaharlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etish ishlari shiddat bilan olib borilmoqda.

[gallery-25021]

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar tez sur’atlarda amalga oshirilyapti. Shu yilning o‘zida yuzdan ziyod paxta terish mashinalari sotib olindi. Viloyatda 50 ming gektar mevali bog‘lar mavjud. So‘nggi bir yilda samarasiz bog‘lar o‘rnida 4,6 ming gektar intensiv bog‘lar tashkil etildi.

Bu kabi ulkan yutuqlar zamirida Farg‘ona ahlining sobit va fidoyilik bilan qilayotgan mehnati turibdi. Fidoyilik esa hamisha rag‘bat topgan. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi arafasida Prezident farmoni bilan taqdirlanganlar orasida Farg‘onaning mashxur paxtakor-u bog‘bonlari, quruvchi-yu tadbirkorlari, o‘qituvchi-yu san’atkorlari bor edi. Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda  ularga Vatanning yuksak mukofotlari topshirildi. Tatyana Sheraliyeva, Abdulla Akbarov, Tohir Mahkamov, Sherali Suyarqulov, Ulug‘bek Elmurodzoda, Odinaxon Hamdamova.  

– Ularning har biri o‘ziga xos shaxs va faoliyat tarixiga ega, – dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mukofotlanganlarni qutlab.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar kamtarona mehnatlarini yuksak qadrlagan davlat rahbariga minnatdorchilik bildirar ekan, yanada yuqoriroq marralarni ko‘zlab mehnat qilamiz, deyishdi.

Yozyovondagi “Mezon” fermer xo‘jaligi paxta va g‘allachilikda viloyatda eng yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Bu yil xitoy uslubida plyonka ostiga tomchilatib sug‘oriladigan qo‘shqator ekilgan maydonlarida rekord hosil yetishtirildi.

– Muhtaram Prezidentimiz bizning kamtarona xizmatimizni yuksak baholab orden bilan taqdirladilar. Katta rahmat, – deydi mohir fermer Vohid Obidov. – Prezident hamisha fermerlarni qo‘llab keladi va qulay imkoniyatlar yaratib beryapti. Subsidiyalar berildi, imtiyozli kreditlar ajratildi. Bir ota farzandi uchun qancha imkoniyat yaratsa, Prezidentmiz undanda ortiq g‘amxo‘rlik ko‘rsatyapti. Farg‘onalik fermerlar nomidan hammasi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. O‘zbekiston diyorida fermer bo‘lib yashab, ishlayotganimdan faxrlanaman.

Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Qilichbek Tojiyev ham “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.

– Farmonni eshitganimdan keyin juda hayajonlandim,  – deydi taniqli san’atkor Qilichbek Tojiyev. – Oxunjon Madaliyev, Ma’murjon To‘xtasinovlarning olamdan o‘tganiga ancha yillar bo‘ldi, lekin Prezident ularning mehnatini alohida e’tirof etdi. Xalqimizning sevimli hofizlari oila a’zolari va ustozlari nomidan davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildiraman. Men ishlayotgan Oltiariq tumani 14- musiqa va san’at maktabidan Ma’murjon To‘xtasinov, Oxunjon Madaliyev kabi yetuk hofizlar yetishib chiqishiga ishonaman.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kHB_Dk1k170" title="Farg‘onada davlat mukofotlari topshirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA