Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada «Chegaraoldi hududlar integratsiyasi – taraqqiyot omili» mavzusida xalqaro biznes-forum o‘tkazilmoqda
18:10 / 2021-04-22

Farg‘ona shahrida Tojikiston Respublikasining So‘g‘d, Qirg‘iziston Respublikasining Botken va Farg‘ona viloyatlari rasmiylari va ishbilarmonlari ishtirokida «Chegaraoldi hududlar integratsiyasi – taraqqiyot omili» mavzusida xalqaro biznes-forum bo‘lib o‘tmoqda.

Asrlar mobaynida ahil-inoqlikda, bahamjihat va hamfikr bo‘lib yashab kelayotgan o‘zbek, tojik, qirg‘iz xalqlarning qadriyat va an’analari, turmush tarzi o‘zaro mushtarakdir. Shu bois, azaldan ota-bobolarimiz bu uch millatni bir daraxtning yaproqlari sifatida e’tirof etgan.

Mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy, savdo, tovar ayriboshlash, madaniy-gumanitar sohalaridagi aloqalar izchil rivojlanib borayotgani azaliy yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yanada mustahkamlamoqda. Bunday teng huquqli munosabatlar O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalari Prezidentlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar natijasidir. Ayniqsa, hududlararo hamkorlikning tobora faollashib borayotgani yangi imkoniyatlarni paydo qilmoqda. Farg‘onada tashkil etilayotgan mazkur anjuman ham o‘zaro manfaatli maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ikki viloyat delegatsiyalari katta tantanalar bilan kutib olindi. Dastlab Farg‘ona tumanidagi viloyat hokimligi «Qabullar uyi»da rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, So‘g‘d viloyati Raisi, Tojikiston Oliy Majlisi yuqori palatasi Raisining birinchi o‘rinbosari Rajabboy Ahmadzoda va Botken viloyati gubernatori Omurbek Suvanaliyev qardosh xalqlarning munosabatlari yangi bosqichda davom etayotganligini ta’kidlab, barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida so‘z yuritdi.

Ochiq va do‘stona muloqot tarzidagi uchrashuvda qo‘shni davlatlar uchun teng manfaatli kelishuvlar, hududlar integratsiyalashuvi, istiqbolli loyihalar, savdo, import-eksport hamda tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning samarali shaklini yaratish bo‘yicha fikr almashildi.

Mehmonlar Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyida tashkil etilgan Farg‘ona viloyatida ishlab chiqarilgan sanoat va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Xalqaro biznes-forumning ochilish marosimida uch chegaradosh viloyat rahbarlari so‘zga chiqib, hududlarning investitsion salohiyati taqdimotini o‘tkazdi.

[gallery-2146]

– Dunyoga «Imkoniyatlar vodiysi» sifatida tanilgan viloyatimizda ikki million olti yuz ming nafar kishi tojiklar bilan birga, o‘zbeklar, ruslar, qirg‘izlar va boshqa millat vakillari istiqomat qiladi, – deydi So‘g‘d viloyati Raisi Rajabboy Ahmadzoda. – Pandemiya davrida ham O‘zbekiston So‘g‘d viloyatining juda muhim savdo-iqtisodiy sherigi sifatida qolmoqda. 2020 yilda O‘zbekistondan So‘g‘d viloyatiga tovar kiritish hajmi 96 million AQSH dollarini tashkil qilganini aytish joiz. 

O‘z navbatida, O‘zbekistonga 55 million AQSH dollaridan ortiq miqdordagi tovarlar va yuk eksport qilindi. Shu yilning uch oyida biz O‘zbekistondan yigirma sakkiz million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan turli xil mahsulotlar olib, to‘qqiz million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qildik. Viloyatimizda o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikdagi qo‘shma korxonalar tobora ko‘paymoqda. bugungi biznes forum hududlararo hamkorlikni faollashtirishda, yangi loyihalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi, albatta.

Farg‘ona viloyatida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahar va tumanlarda chet ellik hamkorlar bilan sanoat yo‘nalishida ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani yangi turdagi va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini kengaytirmoqda.

Qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar tobora rivojlanib bormoqda. Xususan, chegaraoldi viloyatlar bilan aloqalar yanada faollashayotganini alohida ta’kidlash lozim.Hududlar o‘rtasida ilmiy-amaliy konferensiyalar, simpoziumlar, seminar va forumlar, yoshlar o‘rtasida fan olimpiadalari, san’at festivallari va sport musobaqalari doimiy tarzda tashkil etib kelinmoqda.

2019 yilda Farg‘ona viloyati tadbirkorlik sub’ektlarining Tojikiston Respublikasi bilan tashqi savdo aylanmasi 38 million AQSH dollarini tashkil etdi. 70 dan ortiq korxona tomonidan Tojikiston Respublikasiga eksport amalga oshirildi. O‘tgan yil mobaynida esa tashqi savdo aylanmasi 40,3 million AQSH dollarni shundan, eksport hajmi 21 million AQSH dollarni, import 19,3 million AQSH dollarni tashkil etmoqda.

Hozirgi kunda viloyatda Tojikiston Respublikasi tadbirkorlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 5 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida Farg‘ona viloyati tomonidan qiymati 4 million AQSH dollarilik 7 ta eksport shartnomasi taklifi ishlab chiqildi.

2020 yilda Farg‘ona viloyati va Qirg‘iziston Respublikasi viloyatlari o‘rtasida import-eksport operatsiyalari umumiy qiymati 159,8 million AQSH dollarini tashkil etdi. Shundan 124,4 million eksport va 35,4 million dollarlik import amalga oshirilgan. bugungi kunga kelib, Farg‘ona viloyatida 30 ta Qirg‘iziston kapitali ishtirokida qo‘shma korxonalar tashkil etilgan bo‘lib, bu orqali 375 ta ish o‘rni yaratilgan. Ayni kunlarda hamkorlikda 6 ta investitsion loyiha amalga oshirilmoqda.

Anjumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida uch mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida “B2B” shaklidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Farg‘ona va So‘g‘d viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik yuzasidan «yo‘l xaritasi», Qo‘qon shahri, Buvayda, Beshariq, Dang‘ara, Uchko‘prik tumanlari hamda qo‘shni viloyat shaharlari bilan birodarlik memorandumi imzolandi.

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA