Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filialida navbatdagi murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. 2 kun davomida 8 nafar bemorda rekonstruktiv bukkal uretroplastika operatsiyalari bajarildi.
Shuningdek, shifoxonada buyrakdagi toshlarni ultratovush muolaja orqali olib tashlash xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Yaqinda mahalliy tadbirkor bilan xususiy sheriklik asosida 100 ming AQSH dollarlik masofaviy to‘lqin-zarbali litotripsiya jihozi o‘rnatildi.
Mazkur texnologiya hozirgi vaqtda buyrak va siydik nayidagi toshlarni jarrohlik amaliyotisiz davolashning eng zamonaviy usuli hisoblanadi hamda bemorga iqtisodiy jihatdan qulayroq. Bemor tez fursatda sog‘ayadi.
[gallery-15677]
Qolaversa, bu yerda HoLEP minimal invaziv jarrohlik amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi arafasida. Buning uchun Italiyadan “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 1 milliard 300 million so‘mlik golmiy lazer tibbiyot uskunasi olib kelindi.
– Mazkur uskuna mamlakatimizning bir nechta ilg‘or klinikalarida bor xolos, - deydi filial bosh shifokori Azizbek Yo‘ldoshev. – Buning yordamida keng tarqalgan urologik kasalliklar – siydik yo‘li toshi kasalligi, prostata bezi adenomasi kasalliklarini samarali davolash imkoniyati mavjud.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA