Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada butlovchi qismlari mahalliylashtirilgan avtomobillar ishlab chiqariladi
17:54 / 2024-06-03

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “China Triumph International Engineering” hamda “China Xiaou Group” kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda viloyat hududida Xitoy avtomobilsozlik texnoparki tashkil etish hamda yangi brend ostida butlovchi qismlari mahalliylashtirilgan avtomobillar ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi.

O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgan bo‘lib, hududlararo hamkorlik faollashmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatida Xitoy Xalq Respublikasi kapitali ishtirokida 157 ta korxona faoliyat olib bormoqda. 2024-2026 yillarda hamkorlikda umumiy qiymati 2 471,5 million dollarlik 31 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ayni kunlarda xitoylik investorlar bilan yangi istiqbolli loyihalar bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda. “China Triumph International Engineering” hamda “China Xiaou Group” kompaniyalarining loyihasi shulardan biridir.  

Loyihaning birinchi bosqichida Xitoydan keltirilgan qismlarni yig‘ish, bo‘yash hamda sozlash liniyalarini yo‘lga qo‘yish orqali yillik 60 ming dona gaz, elektr va gibrid motorli avtomobillar, maxsus transport vositalari ishlab chiqarish belgilangan. Keyingi bosqichda tashkil etiladigan Xitoy avtomobilsozlik texnoparkida barcha butlovchi qismlarni ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish hamda ularning kooperatsiyasini tashkil etish orqali ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini yillik 1 million donaga yetkazish loyiha-rejada ko‘zda tutilgan. 

E’tiborli jihati, ishlab chiqariladigan avtomobillar yangi, mahalliy brend ostida bo‘lishi mo‘ljallanmoqda. Tashkil etilishi taklif etilayotgan Xitoy avtomobilsozlik texnoparkiga o‘nlab Xitoy kompaniyalarining investitsion ishlab chiqarish loyihalarini joylashtirish rejalashtirilgan.  

Xitoylik investorlar tomonidan qisqa muddat ichida amalga oshiriladigan investitsion loyihalarning aniq amalga oshirilish muddati, kiritiladigan sarmoyalarning miqdori hamda yaratiladigan ish o‘rinlari soni bo‘yicha aniq asoslangan biznes-rejani ishlab chiqishga hamda muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri