Farg‘ona shahar hududida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan tadbirlar davomida tezkor vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 21 nafar shaxslarning yashash manzillarida “Tintuv” tergov harakatlari o‘tkazildi.
Shuningdek, 30 nafar shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlandi. Bular tovlamachilik, giyohvandlik vositalarini noqonuniy muomalasi, fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik qilish, poraxo‘rlik jinoyatlaridir. Jumladan, noqonuniy muomalada bo‘lgan 160 gramm giyohvandlik moddalari, 1 ta pnevmatik pistolet hamda 5 dona flakonda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, 8 ta noqonuniy diniy materiallar, 3 ta bita, 5 ta pichoq va 1 ta bolta ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Tadbir davomida 8 nafar qimor o‘yinini tashkil qilgan, 6 nafar fohishalik bilan shug‘ullangan yana 6 nafar sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan ashyolarni saqlagan shaxslarning huquqbuzarligi bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Uyushgan guruh faoliyatiga chek qo‘yilib, guruh tomonidan 6 ta holatda bir nechta shaxslarga tovlamachilik va bosqinchilik yo‘li bilan tajovuz qilinib, 50 million so‘mdan ziyod zarar yetkazganligi aniqlandi. Bundan tashqari, 5 nafar sud va tergov organlariga kelishdan bo‘yin tovlab yurgan shaxslar qo‘lga olindi. 10 ta pinhona sharoitda sodir etilgan jinoyatlar tezkor yo‘llar bilan fosh etilib, fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash masalasini hal etish uchun tergov organlariga topshirildi.
Farg‘ona shahrida “Bumerang” maxsus-tezkor profilaktik tadbirlari davom etmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA