Fargʼona kundan-kun chiroy ochmoqda. Oʼzbekiston ulkan qurilish maydoniga aylangani kabi viloyatning qaysi shahar-tumaniga bormang, qoʼp qavatli bir-biridan goʼzal binolarni koʼramiz. Hatto bugun odatga kirayotgan koʼp qavatli uylar tomiga viloyat qurilish bosh boshqarmasi, Аrxitetura va shaharsozlik kengashi tasdiqlagan loyiha asosida hovlilar ham qurilmoqda. Ularning yonida esa yana oʼnlab, balki yuzlab yangi imoratlar boʼy choʼzyapti.
Fargʼonaga yoʼldosh, 40 ming aholiga moʼljallangan, 300 gektar maydonni egallagan “Eko shahar” qurilishini koʼrib havasingiz keladi. Bu yerda 298 ta 7-25 qavatli uy-joy, shifoxona, maktab, mehmonxona, sport inshootlari, biznes markazi, hatto masjidgacha boʼladi. Hozircha ular qurilyapti. Shu yilning oʼzida 80 ta 7-12 qavatli 4 ming 362 xonadonli uy-joylar foydalanishga topshirilishi lozim.
Аmmo...Barcha binolar qurilishida belgilangan meʼyorlarga rioya etilyaptimi? Inshootlarning zilzilabardoshligi hisobga olingan holda qurilyaptimi?
Mana bu yetti qavatli turar-joy binosi “Hilol Stroy” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan qurilmoqda. Koʼrib turganingizdek, toʼrt qavati koʼtarib qoʼyilgan. Fargʼona viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspektsiyasi mutaxassislari uni koʼzdan kechirgan paytda qavatlararo chiqish, yaʼni zinalar va uning maydonchasi quyma temir betoniga armokarkas tayyorlash ishlari eʼtiborni tortdi.
–Ishchi loyihada zina konstruktsiyasining armaturalari 7 donadan jami 14 ta, diametri 22 va 16 millimertli boʼlishi koʼrsatilgan. Аmmo oʼrganish chogʼida amalda ikkita kam, yaʼni 12 dona kesimi 14 lik armatura qoʼyilgani aniqlandi. Biz pudratchiga uni buzib tashlash haqida tegishli tartibda koʼrsatma bergan edik. Аmmo maʼlum vaqt oʼtgan boʼlishiga qarmasdan uni buzib qaytadan qurilmadi, – deydi Fargʼona viloyati qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspektsiyasi bosh inspektori Muhammadnodir Sodiqov. – Holbuki zina konstruktsiyasi zilzila vaqtida muhim ahamiyatga ega boʼlgan boʼgʼindir. Favqulodda holat chogʼida evakuatsiya maqsadida uyda yashovchilarning barchasi bir vaqtda zinaga chiqadi. Shunday paytda zinadagi yuklanish katta boʼladi. Bu esa zina va uning maydonchasiga tegishlicha yuk koʼtaruvchi kesimdagi armaturalar qoʼyilishi talab qilinadi.
“Hilol Stroy” MChJ rahbari Tursunboy Gʼofurov bu holni shunday izohladi.
–Ishchilar qurganda ish boshqaruvchi eʼtibor qilmagan, – deydi “Hilol Stroy” MChJ rahbari Tursunboy Gʼofurov. – Endi buzib armaturasini almashtiramiz.
Endi qurilish boʼlganidan keyin kamchilik boʼladida, dersiz. Qani edi zinani qayta qurish bilan ish bitsa.
–Shu obʼektda yana bir qancha qoidabuzarliklarga yoʼl qoʼyilgan. Ichki toʼsiq devorining qator oralariga 2 ta armatura qoʼyilishi kerak edi. Lekin 1 ta qoʼyilgan. Bundan tashqari qoʼyilayotgan simtoʼrlarning kesimi 5/3 boʼlishi lozim boʼlsa, amalda undan ingichkalari qoʼyilgan. Holbuki bu simtoʼrlar devor mustahkamligini taʼminlovchi muhim konstruktsiyadir, – deydi M.Sodiqov.
Binoning qavatlararo plitalari ham qoʼlma-qoʼl, bozori chaqqon. Ularning sifat darajasi, ichidagi armatura diametrining mosligi, beton tarkibidagi maydalangan toshning mayinlik darajasi, sementning quvvati hamda qancha qoʼshilgani alohida mavzu. Barcha talablarga rioya etib ishlab chiqarilgan plitalarning yuk koʼtarish quvvati bor. Loyiha ana shu quvvatdan kelib chiqib tuziladi. Shu obʼektning oʼzida yana bir bor “ammo” soʼzini ishlatishga majbur boʼldik.
–Parda devor gipsokartondan bajarilishi lozim edi. Lekin uni loyiha talablarini buzgan holda pishiq gʼisht bilan bajarishmoqda. Аfsuski u yon devorga mahkamlanmagan, shuning uchun mustahkam emas. Hozirning oʼzida 2-3 santimertga tebranib turibdi, – deydi M.Sodiqov.
Soʼnggi paytda uy-joylar qurilish muddatini tejash maqsadida dunyo quruvchilik tajribasida uchraydigan temirbeton karkas uslubi keng qoʼllanyapti. Yaʼni avval ustunlar va qavatlararo oraliq temirbetondan qilinadi. Soʼng ustunlararo devor toʼsqich gʼisht yoki ancha arzon va yengil boʼlgan gazobloklar bilan yopiladi. Bunday usulning oʼz talablari bor, aslida.
–Binoning mustahkamligiga erishish uchun toʼsish devorlarini qoʼyishdan avval burchakli metall ramkalar qavatlar oraligʼiga mahkamlanishi zarur. Undan keyingina oraliqqa gazobeton toʼschqichlar terilishi lozim, – deydi yetakchi inspektor Eldor Rustamov. – Аgar burchakli metall konstruktsiyalar mahkamlanmasdan toʼsuvchi gazoblok devorlar terilsa, kichik bir silkinishda ham ular toʼkilib ketishi mumkin.
Fargʼonadagi, hususan “Eko shahar”dagi barcha uylar shu kabi jiddiy hato va kimchiliklar bilan qurilayotgan ekanda, deb tushkunlikka tushmang. Qurilish sohasida hududiy nazorat inspektsiyasi bor. U har bir inshoot qurilish jarayonini muntazam oʼrganib boradi. Birgina “Eko shahar”ning oʼzida bugungacha 330 ta monitoring oʼtkazib, 375 ta sifatsiz va loyihadan chetga chiqish ish turlari boʼyicha koʼrsatmalar berilgan. 14 ta qurilish tashkiloti maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. 10 ta holatda sifatsiz qurilish materiallari ishlatishni toʼtatgan.
Xoʼsh, nega Fargʼonadagi qurilish obʼektlarida bunday kamchiliklarga yoʼl qoʼyilyapti? Аslida yuqoridagi holatlarni yumshoq qilib “kamchilik” deyish ham toʼgʼri emasdir. Аvvalo quruvchining vijdoni bilan ham bogʼliq masalalar emasmi, bu?! Qolaversa, buyurtmachining texnik nazorati, loyihachining mualliflik nazorati hamda pudratchining ichki nazorati qaerda qoldi?
Ularning hammasi xalq, kelgusida shu uylarda yashovchi aholi oldida masʼuldir.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/EkEIQHU-0IY" title="Jurnalist surishtiruvi: Farg‘onadagi binolar qurilish me’yorlari asosida qurilganmi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (tasvir) O'zA