Keyingi yillarda viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda keskin yuksalish sari yuz tutdi. Har bir fuqaro o‘z hayotida, turmush tarzidagi ijobiy o‘zgarishlarni yaqqol ko‘rib, his etib turibdi. Buning asosiy omillaridan biri, shubhasiz, farg‘onaliklarning mehnatkashligi, tashabbuskorligidir.
Birgina joriy yilning o‘zida viloyatga o‘tgan yilgiga qaraganda 2 barobar ko‘p, ya’ni 3,7 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya kiritiladi. Buning hisobiga 1,5 milliard dollarlik mahsulot eksportga chiqariladi, 44 mingga yaqin doimiy yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
[gallery-25162]
Keyingi yillarda viloyatda sanoat korxonalari soni 2,8 barobarga ko‘payib, 13 mingtaga yetganligi iqtisodiyotimizning tez sur’atlarda rivojlanib borayotganini ko‘rsatadi.
O‘tgan yili 462 ta istiqbolli loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyihalarda yaratilgan quvvatlar qo‘shilishi natijasida 332 million AQSH dollarilik qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksport qilinib, avvalgi yillarga qaraganda 1,5 barobar o‘sishga erishildi.
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy shahrida 210 gektarga kengaydi. Bu yerda 1 milliard dollarlik 200 ga yaqin yangi loyiha amalga oshirilishi natijasida 11,8 mingta ish o‘rni yaratiladi.
G‘allaning 56 xil navi ekilib, sinov-tajriba dalasi tashkil etildi. Joylarda 100 sentnerga yetkazib don olayotgan dehqonlar ko‘payib bormoqda.
Shu kunga qadar 707 ta yuqori unumli haydov, lazer tekislagich, chigit ekish seyalkasi, chopiq traktorlari va kultivatorlar, don o‘rish va paxta terish mashinalari sotib olingan. Xitoy uslubida chigit ekilgan maydonlardan gektariga 60-70 sentnerdan paxta hosili yig‘ilmoqda.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash ularning hayot sifati darajasining o‘sishiga olib keladi. Viloyat aholisi har yili o‘rtacha 90 ming nafarga ko‘paymoqda. Bu esa qo‘shimcha 4 ming xonadonli uy-joy, 40 ta maktab, 100 ta bog‘cha, 20 ta shifoxona hamda 50 mingta ish o‘rniga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi. Ana shuni hisobga olib, ko‘p qavatli turar joylar qurilishi, viloyat markazi, tuman va shaharlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etish ishlari shiddat bilan olib borilmoqda. Farg‘ona shahrining o‘ziga xos timsoliga aylangan Ekoshahar – “Yangi O‘zbekiston” massivi noyob va mukammal yondashuv asosida qurib bitkazildi.
Aynan “Yangi O‘zbekiston” massividagi ko‘l va musiqali fontan yonida joylashgan salobatli amfiteatrda mustaqillikning 34 yillik bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatning mehnat faxriylari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, ziyolilar vakillari, yoshlar ishtirok etdilar.
An’anaviy chorlov musiqasi yangradi va bayram tadbirlari boshlandi. Viloyat hokimi Xayrulla Bozorov Farg‘ona ahlini eng ulug‘, eng aziz bayram bilan tabriklar ekan, so‘nggi yillarda viloyat erishgan yutuqlar mamlakat prezidentining uzoqni ko‘ra bilgan siyosati va islohotlari tufaylidir, dedi.
Bayram sahnasida Vatan va mustaqillikni madh etuvchi dastur birin-ketin namoyish etilar edi. Viloyat va respublikaning taniqli san’atkorlari osmoni musaffo O‘zbekiston, qalbi pok, mehnatsevar yurt xalqlarini ulug‘lovchi kuy hamda qo‘shiqlarni ijro etdilar.
“Yangi O‘zbekiston” mavzesidagi o‘ynoqi favvora bayram tantanalariga hamohang tebranar edi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/y_3rtyZzBO4" title="Farg`onada bayram tantanalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, O‘zA