French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada baliqchilik yanada rivojlanmoqda
13:47 / 2024-11-08

Farg‘ona viloyatida baliqchilikni rivojlantirishga muhim e’tibor qaratilayotgan bo‘lib, bu yil baliqchilik havzalarida 110 ming tonna parhezbop mahsulot yetishtirish rejalashtirilgan. O‘tgan davrda baliqchilik yo‘nalishida umumiy qiymati 28 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 25 ta loyiha amalga oshirildi, buning hisobiga qo‘shimcha 252 tonna baliq yetishtirish imkoniyati yaratildi.

Baliq chovoqlarini yetishtirib beruvchi xo‘jalik va korxonalar soni ham yildan-yilga ortib bormoqda. Ayni kunlarda Quvasoy shahridagi “Omad”, Bag‘dod tumanidagi “Sho‘rtepa Oydin ko‘li”, Buvayda tumanidagi “Yoqub Ali” fermer xo‘jaliklari, Farg‘ona shahridagi “Buloq” va Beshariq tumanidagi “Saxovatli ummon ne’mati”, “Baliq” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan 10 million donadan ortiq baliq chovoqlari yetishtiradigan yangi sexlar ishlab turibdi.  

Farg‘ona shahar “Soy bo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Status Soft” MCHJ tomonidan Eron va Xitoy texnologiyasi asosida polointensiv usulda noyob turdagi forel baliqlari yetishtirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Asosan sovuq suv havzalarida rivojlanishga moyil bo‘lgan bu bozorgir baliqlarni shu kunga qadar mahalliy sharoitda yetishtirish imkoniyati bo‘lmagan. Ushbu loyiha yo‘nalishda yangilik bo‘ldi. Bu yerda umumiy maydoni 23 sotix bo‘lgan 32 ta kichik suv ko‘llari qurilishi hisobiga yiliga 100 tonna forel baliqlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish imkoniyati yaratildi.  

– Bunda Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida uzoq muddatli, imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi, – deydi baliqchilik xo‘jaligi rahbari Umidjon Madaminov. – Ayni kunda 3 ta baliq havzalari ishga tushirildi, 10 ming dona baliq chovoqlarini parvarishga qo‘ydik. Nasib qilsa, yangi yil dasturxoniga 10 tonnadan ortiq mahsulot yetkazib beramiz.  

Bugungi kunda viloyatdagi 11 ming gektardan ortiq suv havzalarida baliqlar yetishtirilyapti. Tabiiy suv havzalaridan tashqari, intensiv, qafas moslamalar, yopiq suv aylanma tizimlar va aholi xonadonlarida tashkil etilgan suv ko‘llarida baliq yetishtirish tajribalari ommalashib bormoqda.  

Baliqchilik yo‘nalishida eng ko‘p loyiha Yozyovon tumanida amalga oshirilgani bilan e’tiborni tortadi. Keyingi ikki-uch yilda Markaziy Farg‘onadagi cho‘l yerlarni o‘zlashtirish hisobiga 2 ming gektar baliq ko‘llari tashkil etildi.  

– Shu kunga qadar 16 ta istiqbolli loyihalar amalga oshirildi, – deydi Yozyovon tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Rahmatjon Mamajonov. – O‘tgan mavsumda “Azizko‘l” fermer xo‘jaligida quyosh panellaridan foydalangan holda baliq parvarishlash tajribasi sinov tariqasida amaliyotga joriy etilgandi. Bu usul qisqa fursatda o‘z samarasini berdi. Joriy mavsumda tumanimizdagi 45 ta baliqchilik xo‘jaliklarida muqobil elektr manbalaridan foydalangan holda baliq yetishtirilyapti. Bu ortiqcha xarajatlarsiz mo‘l va sifatli hosil olish imkoniyatini beryapti.  

Bundan tashqari, 4 ming gektar ekstensiv sun’iy suv havzalarini intensivlashtirish borasida olib borilayotgan loyihalar mahsulot hajmini oshirish, sifatini yaxshilash imkoniyatini berdi. Yana bir muhim jihati, sohaga klaster, kooperatsiya tizimlarini joriy etish, vodiy iqlim sharoitiga mos bo‘lgan serhosil baliq urug‘lari parvarishlash, tabiiy va sun’iy suv havzalaridan samarali foydalanishga bo‘lgan e’tibor oshdi. Masalan, oddiy usulda bir gektar yerda o‘rta hisobda 3-5 tonna baliq yetishtirilgan bo‘lsa, intensiv usulda baliq parvarishlash orqali hosildorlik salmog‘i 7-8 tonnadan oshadi.   

M.Sulaymonov, O‘zA