Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada an’anaviy Chimyon mediaforumi boshlandi
18:23 / 2022-03-14

So‘z va matbuot ereinligi –O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishi deb belgilangani xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. bugungi kunda jurnalistlar uchun yopiq mavzuning o‘zi qolmadi.

Axborot maydonida raqobat juda kuchli. bugungi kunda ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’siri qanday? Milliy media makonda jurnalistlar, blogerlar ochiqlik va xolislikka e’tibor qaratmoqdami?

Farg‘ona tumanidagi “Chimyon” sihatgohida boshlangan “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzuidagi an’anaviy mediaforumda ana shular xususida so‘z yuritilmoqda. Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan anjumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakatimizning barcha viloyatlaridan 70 nafar ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Mediaforumning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalari sohasida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Hayotning qaynoq nuqtalarida ular doimo faol ekanligi qayd etildi.

- Chimyon forumi o‘zbek mass mediasida o‘ziga xos o‘rin va nufuzga ega, -deydi O.O‘sarov. - O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limining bunda xizmati katta. Albatta, bu an’anaviy bo‘lib qolishi kerak. Bugun jurnalistlarimizga chegaralanadigan mavzuning o‘zi yo‘q. O‘zbek  matbuoti tom ma’noda ochiq. Istalgan masalada o‘zining tahliliy-tanqidiy materiallarini e’lon qilmoqda. Mana bunday tadbirlar OAV xodimlarining mahorat va malakasini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.    

Yosh jurnalistlar uchun muloqot maydoni yaratish, o‘zaro tajriba almashish va kasbiy muammolarni tahlil etishda an’anaga aylangan Chimyon mediaforumining o‘rni beqiyos. O‘ninchi bor tashkil etilayotgan bu anjumanda o‘tgan yillar mobaynida 600 dan ziyod jurnalistlar malaka va mahoratini oshirdi. Hozirda Farg‘ona tajribasi sifatida mamlakatimiz bo‘ylab ommalashtirilmoqda. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan mazkur ezgu ishlar tashabbuskori bo‘lgan viloyat bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov  tashakkurnoma bilan taqdirlandi. 

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov mediaforum ishtirokchilari bilan bosma va elektron axborot vositalari oldida turgan vazifalar xususida muloqot qildi.

Mediaforum dasturidan o‘zbek jurnalistikasining yutuq va muammolarini tahlil etish, nufuzli xorijdagi OAV xodimlari bilan tajriba almashish, gazetalarning taqdimoti kabilar o‘rin olgan. Shu bilan birgalikda ular sihatgohda sog‘ligini tiklab, madaniy hordiq ham oladi.

M.Sulaymonov, O‘zA