Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada an’anaviy “Chimyon-2021” mediaforumi boshlandi
19:38 / 2021-02-22

Joriy yilning 22-27 fevral kunlari Farg‘ona viloyatning so‘lim sihatgohida “O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida ochiqlik, so‘z erkinligi va jamiyat” mavzuida an’anaviy “Chimyon-2021” mediaforumi bo‘lib o‘tadi.

Farg‘ona viloyati hokimligi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy mediaforumda ilgari suriladigan ezgu tashabbuslar mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari mazmun-mundarijasini boyitish, ijodiy faoliyatga yangi an’ana va uslublarni keng tatbiq etish singari jihatlari bilan ahamiyatlidir.

Bu galgi ijodiy muloqotlarda ishtirok etish uchun respublika OAV bosh muharrirlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan vakillar kelgan.

Mediaforum dasturiga ko‘ra, bugun ishtirokchilar dastlab Marg‘ilon shahridagi Raqamli texnologiyalar markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Markazda yoshlarga axborot texnologiyalari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslarini o‘rgatish, kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersport yo‘nalishlarida zamonaviy shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Barkamol avlod vakillari bilan yuzma-yuz suhbatda jurnalistlar kelajagimiz vorislari erishayotgan yutuqlarni yuksak e’tirof etishdi.

Ipakchilar shahri Marg‘ilonda qad rostlagan Hunarmandlar markazida 400 dan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, atlas, ipakli adras, satin, shoyi, a’lo baxmal kabi o‘nlab turdagi tabiiy ipak matolar MDH davlatlari, Osiyo va Yevropa qit’asiga eksport qilinmoqda. Ota-bobolardan meros an’anani izchil davom ettirayotgan mohir hunarmand, Oliy Majlis Senati a’zosi Ibrohimjon Sultonov mehmonlarni markaz faoliyati bilan batafsil tanishtirdi.

[gallery-1256]

Mediaforum ishtirokchilari Farg‘ona shahridagi toshdan qog‘oz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Fergana stone paper” korxonasiga faoliyati bilan tanishdi.

– Shu yilning 4-5 fevral kunlari Prezidentimiz Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida mazkur korxonada bo‘lib, korxona sinov rejimida ishga tushirilganidan OAV orqali xabardor bo‘lgan edik, – deydi “Shovot istiqboli” (Xorazm viloyati) gazetasi bosh muharriri Maxbira Abdalova. – Bugun korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, tadbikorlarimiz shu kabi noyob loyihalarni hech ikkilanmay hayotga tatbiq etayotganidan qalbim g‘urur va iftixorga to‘ldi.

Milliy matbuotimiz ravnaq-rivojini ta’minlashda Farg‘ona jurnalistikasi, bir asrdan ziyod tarixga ega “Farg‘ona haqiqati” gazetasining o‘z o‘rni bor. Hozirgi kunda o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan tahririyat ijodiy jamoasi ezgu an’analarni izchillik bilan davom ettirmoqda.

Mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan hamkasblar tahririyat faoliyati bilan tanishib, ijodiy yutuqlar, zamonaviy qulayliklarga havas qilishdi.

– Gazeta adadining yuqoriligi, bosma nashr bilan birga uning elektron nusxalarini rivojlantirishga ham jiddiy e’tibor qaratilayotgani e’tiborga loyiq, – deydi “Qorovulbozor tongi” gazetasi (Buxoro viloyati) bosh muharriri Bahrom Soliyev. – Tahririyatning moddiy-texnik bazasi, ijodiy xodimlarga yaratilgan sharoitlarga ham gap yo‘q. Bunday holatni odatda xorijiy OAV faoliyatida kuzatar edik. Tahririyat jamoasi va muassis – Farg‘ona viloyati hokimligi o‘rtasidagi samimiy hamkorlik namuna sifatida ko‘rsatishga arziydi.

Viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyida fotomuxbirlar Muqimjon Qodirov va Sherzodjon Qoraboyevlarning ijodiy foto ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Jurnalistlar mazkur ko‘rgazmada ijodkorlarning yurtimiz tabiati, bunyodkor insonlari hamda joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonlari aks etgan fotoasarlari bilan tanishdi.

M. Sulaymonov, M. Qodirov(surat), O‘zA