Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi ko‘tarinkilik bilan nishonlandi
19:54 / 2023-02-09

FOTOREPORTAJ

Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi Farg‘ona viloyatida ham keng nishonlandi. Farg‘ona shahridagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, adabiyotshunos olimlar, ziyolilar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Viloyat rahbari buyuk bobokalonimiz xotirasini abadiylashtirish, ul zot qoldirgan adabiy, ilmiy merosni o‘rganish, butun dunyoga targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.

Dunyoda tahlikali vaziyat kuzatilayotgan, ma’naviy xurujlar ortayotgan bir paytda Alisher Navoiy kabi ajdodlarimiz qoldirgan ulkan xazinani o‘rganish, yoshlar ongu shuuriga singdirish, asarlarida aytilganidek, xalq dardi bilan yashash, aql-idrok bilan, birlashib bilimlarni amaliyotda qo‘llash orqali ko‘zlangan ezgu maqsadlarga erishish mumkinligi qayd etildi.

[gallery-10517]

– Navoiyni har kuni yod etishimiz kerak, - dedi Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. – Ushbu ko‘kalamzor, salqin xiyobonda Navoiy haykali poyi atrofida Navoiyxonlik kunlari, Navoiy g‘azallariga bitilgan qo‘shiqlar ijrochiligi, g‘azalxonlik, she’rxonlik tadbirlari o‘tkazilishi kerak.

Bir-ikki hafta tayyorgarlikdan so‘ng xiyobon yanada ko‘kalamzorlashtirilib, o‘rindiqlar ko‘paytirilib, Wi-fi zona tashkil etilishi, QR-kodlar orqali Navoiy haqidagi ma’lumotlarni, barcha asarlarni o‘qish imkoniyati yaratilishi ma’lum qilindi.

Tadbirda Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchilari, filologiya fanlari doktori Qahhor Yo‘lchiyev, fan nomzodi Rustam Umrzoqov, Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori Go‘zal Oxunova hazrat Navoiy asarlari, uning davlat arbobi sifatida tutgan o‘rni haqida ma’ruza qildi. Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan Alisher Navoiy g‘azallaridan namunalar, she’rlar o‘qildi. Shoirga ehtirom tadbiri so‘nggida yig‘ilganlar Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yib, xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA