Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada adabiyot kunlari bo‘lib o‘tmoqda
18:17 / 2021-12-02

Farg‘ona o‘zining durdona asarlari bilan adabiyotimiz xazinasiga bebaho hissa qo‘shgan, xalqimizning ma’naviy olamini yuksaltirishga xizmat qilgan ijodkorlari bilan mashhur. Ayni kunlarda katta shodiyonalar bilan o‘tkazilayotgan «Adabiyot kunlari»da so‘z san’atkorlariga yana bir bor ehtirom va e’zoz ko‘rsatilmoqda.

Adabiyotshunos olim Umarali Normatov tavalludiga 90 yil, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludiga 85 yil, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir, dramaturg Saydali Odilov tavalludiga 80 yil to‘lganligi, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning xotirasiga ehtirom ko‘rsatish hamda rishtonlik iste’dodli yozuvchi Isajon Sulton «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» unvoni bilan taqdirlangani munosabati bo‘lib o‘tayotgan tadbir shukuhli onlarga boy bo‘layotir. Poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar Qo‘qon shahrida tantana bilan kutib olindi.

Qo‘qon adabiy muhiti o‘zbek adabiyotida muhim o‘rin tutadi. Bu yerdan yetishib chiqqan mumtoz siymolar xalqimizning faxr-iftixoriga aylangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil sentyabr oyida farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashuvda o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik siymolaridan biri – Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning hayoti va faoliyatiga alohida to‘xtalib, Qo‘qon shahri markazidagi Furqat bog‘ida shoirning haykalini o‘rnatishni taklif etgan edi. Bayram tadbiri oldidan viloyat hokimi va mehmonlar bog‘ bo‘ylab aylanib, Furqat haykalining joylashtirish o‘rni borasida fikr almashdi.

[gallery-4909]

Tadbirning ochilishida so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid o‘zbek adabiyotida Farg‘onada tug‘ilib o‘sgan ijodkorlarning tutgan o‘rni va ular ijodining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Yubilyar ijodkorlar va ularning yaqinlariga viloyat hokimligining sovg‘alari topshirildi.14 nafar farg‘onalik ijodkorlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.

Qo‘qon shahar musiqali drama teatri hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali talabalari ishtirokidagi teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

Rishton tumani madaniyat saroyida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuvda adabiyotning beqiyos qudrati tilga olindi.

M. Sulaymonov, M. Qodirov, O‘zA