Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada 88 ta kichik sanoat zonasi tashkil etildi
10:48 / 2021-04-19

Farg‘ona viloyatida “Tadbirkor-islohotchi” degan tashabbus asosidagi sa’y-harakatlar tizimli davom etmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ma’lumotiga ko‘ra, respublikada fevral oyidagi ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,4 foizga oshgan. Xususan, Farg‘ona viloyatida 51,3 foiz o‘sish kuzatilgan va bu eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida ikki mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tgan 2020 yilda viloyatda jami 6 trillion so‘m bank kreditlari ajratilgan bo‘lsa, 2021 yilning 1-choragida bu raqam 4 trillionga yetdi.

Shahar va tumanlarda tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalari ham tadbirkorlarning loyihalarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega. Rivojlangan xorijiy davlatlarda kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash, sanoatni texnologik rivojlanishi bilan bog‘liq muammolarni hal etishning muhim mexanizmlaridan biri industrial parklar, texnopolislar va sanoat zonalari hisoblanadi. Hozirgi kunda AQSH va Xitoyda 400 ta, Germaniyada 200 ta, Turkiyada 262 ta, Vetnamda 200 ga yaqin industrial park faoliyat yuritmoqda. Mazkur zonalar ishlab chiqarishning zamonaviy texnologik bazasini shakllantirish, ishlab chiqarish jarayonlariga innovatsiyalarni joriy etish, yuqori sifatli mahsulotlar yaratish va xizmat ko‘rsatishni ta’minlashda asos rolini o‘ynamoqda. Ayni kunlarda mamlakatimizda ham tadbirkorlar uchun ana shunday sharoitlar yaratib berish maqsadida amaliy ishlar olib borilayapti.

– Kichik sanoat zonalari tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik va imkoniyat yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash va shu orqali hudud sanoat salohiyatini oshirish, iqtisodiyotini mustahkamlash maqsadida tashkil etilmoqda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Muhsinxo‘ja Abdurahmonov. – Xo‘sh, kichik sanoat zonalarining muhim jihatlari nimalardan iborat? Birinchidan, mazkur zonalarda yangi ish o‘rinlari yaratilib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilarning bandligi ta’minlanadi. Ikkinchidan, mazkur hududlarda asosan, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Investitsiya loyihalarini tanlab olishda ham mazkur jihatga e’tibor qaratiladi. Tadbirkorlar hudud yoki har bir mahalla kesimida “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqqan holda loyihalarni amalga oshirishi samaradorlikka xizmat qiladi. Shuningdek, mahsulotlarni ichki bozor bilan birgalikda eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Uchinchidan, shahar va tumanlarimizdagi kichik sanoat zonalarida loyihalarning ishga tushirilishi natijasida hududning sanoat salohiyati oshadi. Birgina soliqlarning o‘zi mahalliy byudjetga tushib, mablag‘lar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga sarflanadi.

Afsuski, hozircha hududlarda bu maqsadga erishilgani yo‘q. Demak, tuman, shahar hokimlari, mutasaddilar ushbu masalaga alohida e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi. Kichik sanoat zonalari davlat mulki ob’ektlarining foydalanilmayotgan maydonlari, zarar ko‘rib ishlayotgan, iqtisodiy nochor va past rentabelli korxonalarning ishlatilmayotgan hududlari negizida yaratilmoqda.

bugungi kunda viloyatda umumiy yer maydoni 650,3 gektar hamda 174 ming kvadrat metrdan ziyod bino va inshootlarga ega bo‘lgan 88 ta kichik sanoat zonasi mavjud. Shulardan 23 ta yoki 165 gektar yer maydonida “Yoshlar kichik sanoat zonalari” tashkil etilgan. Shuni ta’kidlash kerakki, bu hududlarda tadbirkorlarning faoliyat yuritishi uchun zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi yaratib berilmoqda. Elektr energiya, suv, tabiiy gaz, yo‘l masalalarida hech qanday muammo bo‘lmaydi.

Tashkil etilgan kichik sanoat zonalariga bugungi kunga qadar umumiy qiymati 3,5 trillion so‘mni tashkil qiluvchi 1 ming 112 ta loyiha joylashtirilgan bo‘lib, ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida 27 ming 991 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

23 ta “Yoshlar kichik sanoat zonasi”da umumiy qiymati 422,7 milliard so‘m bo‘lgan 410 ta loyiha tanlab olinib, qurilish ishlari olib borilmoqda. Loyihalar asosan qurilish, mebel, yengil sanoat, farmatsevtika, charm poyabzal kabi yo‘nalishlarda tashkil etilayapti.

Joriy yilning 1 yanvar holatiga 74 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, ular tomonidan o‘tgan yili 107,7 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. 640,8 ming AQSH dollariga teng mahsulot eksport qilingan. Yil yakuniga qadar 97 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 3500 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Tadbirkorlarga yengilliklar yaratish maqsadida 2020 yilda koronavirus pandemiyasi davrida kichik sanoat zonasida faoliyat olib borayotgan korxonalarning 370,1 million so‘mlik ijara haqlari kechib berildi.

M.Sulaymonov, M.Qodirov(surat), O‘zA