English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada 87 ming 230 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydi
17:34 / 2023-12-03

Farg‘ona viloyatida 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan imkoniyati cheklangan fuqarolar yana bir bor qo‘llab-quvvatlanib, ularga e’tibor ko‘rsatilmoqda.

Farg‘ona shahrida bayram tadbiri tashkil etilib, viloyatda yashovchi Nogironlar jamiyati, Karlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Afg‘onchilar birlashmasi, Chernobilchilar birlashmasining 320 nafardan ziyod a’zosi taklif etildi. Tadbir davomida ishtirokchilarga sovg‘alar berildi, san’atkorlarining musiqiy chiqishlari esa barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan "Chegara  bilmassan, inson!" shiori ostida ma’naviy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoyalash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish, ularni ijtimoiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash hamda iste’dodini ro‘yobga chiqarish maqsadida o‘tkazilgan tadbir avvalida nogironligi bo‘lgan hunarmandlar, iste’dodli yoshlar tomonidan ishlangan mahsulotlar savdo yarmarkasi ham tashkil etildi.

Noan’anaviy savdo yarmarkasida 43 nafar hunarmand qo‘l mehnati asosida tayyorlangan 200 dan ortiq mahsuloti bilan  qatnashdi. Tadbir yakuniga qadar qariyb 11 million so‘mlik turli mahsulotlar ishtirokchilar tomonidan xarid qilindi.

Boshqarma boshlig‘i Elyorbek Asronqulov tadbirda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj,  yakka-yolg‘iz, yolg‘iz yashovchi keksalar hamda nogironligi bo‘lgan fuqarolarga hayotda keng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan  islohotlarning asosini tashki qilishini alohida ta’kidladi. Binobarin, nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlarini yolg‘iz his etmasligi, zarur bilim va kasb-hunarlarni egallab, barcha soha va tarmoqlarda faol ishtirok etishi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi, madaniy ehtiyojlarining qondirilishi uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar qilinmoqda.

Tadbirda qatnashgan hunarmandlar mahsulotlari va ijodiy ishlari turli nominatsiyalarga ko‘ra baholandi, g‘oliblarga  va ishtirokchilarga esdalik  sovg‘alari topshirildi.

Viloyatda 87 ming 230 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs  istiqomat qilmoqda, shundan 14 ming 434 nafari voyaga yetmagan nogironligi bo‘lgan boladir. Ular orasidan 2 ming 970 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz va yolg‘iz yashaydigan keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatga olingan  bo‘lib, ularga 351 nafar ijtimoiy  xodim  tomonidan uylarida ijtimoiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.

Viloyatda reabilitatsiya qilishning texnik vositalari hamda protez-ortopediya moslamalariga muhtoj shaxslarni ushbu vositalar bilan ta’minlash maqsadida 2 milliard 870 million so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 1 ming 720 nafar fuqaro reabilitatsiya texnik vositalari hamda 454 nafar fuqaro 874 dona protez-ortopediya mahsuloti bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, viloyatdagi nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslar 50 dona elektrda yuradigan nogironlar aravachasi bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning oziq-ovqat, dori-darmon va shaxsiy gigiyena vositalari ta’minoti uchun jami 10 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari ajratildi. Shuningdek, homiylik mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak va boshqa ko‘rinishdagi yordamlar ko‘rsatildi.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri