Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inida “Yoshlar uyi” foydalanishga topshirildi.
Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, jamiyatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan yosh oilalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ularga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari asosida uylar qurib berilmoqda. Bu ezgu sa’y-harakatlar yuksak g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi sifatida qalblarda cheksiz minnatdorlik tuyg‘usini uyg‘otayapti. Jumladan, viloyatda 2019-2020 yillarda 110 ta shunday uy-joy qurilib, foydalanishga topshirilgani yuksak e’tibordan dalolatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 27 avgustdagi “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyat markazida bunyod etilgan 48 xonadondan iborat “Yoshlar uyi” ana shu ishlarning uzviy davomidir. “Far stroy group” xususiy korxonasi tomonidan qurilgan uyga 4,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Mazkur uylarning ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi.
[gallery-553]
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov yurtimizda navqiron avlod vakillariga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik ular manfaatlarini har tomonlama himoya qilishga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi ekanligini ta’kidladi. Yosh oilalarga yangi uylarning kaliti tantanali topshirildi.
Hozirga qadar xonadonlarning 28 tasi yosh oilalarga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari asosida ajratildi. Mazkur oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yoshlar ittifoqi tomonidan uyni dastlabki badalining 65 foizigacha bo‘lgan qismi moliyalashtirilib berildi.
Zamonaviy me’morlik an’analari asosida bunyod etilayotgan “Yoshlar uyi”da barcha sharoit mavjud.
– Shunday shinam ikki xonali uy-joyga ega bo‘lganimizdan behad xursandmiz, – deydi kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Abrorjon Burhonov. –Yoshlarga yuksak e’tibor qaratiladigan, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan mamlakat dunyoda kam topiladi. O‘z uyi bor yoshlarning ko‘ngli albatta, xotirjam bo‘ladi. Shu bois buning qadriga yetib, istiqlolni asrab-avaylashimiz, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishimiz lozim.
M. Sulaymonov, O‘zA