Farg‘ona viloyatida joriy yilda 497 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 33 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarni kambag‘allikdan chiqarish belgilangan. Ayni kunlarda joylarda bu borada amaliy ishlarga kirishilib, mahalla bankirlari ham yaqindan ko‘mak bermoqda.
Viloyatning 1063 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 307 nafar mahalla bankiri faoliyatini boshladi, ularga 1063 nafar mahalla agentlari biriktirildi.
- Mahalla bankirlarining eng katta vazifasi mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganib, odamlarning g‘oyalarini, loyihalarga aylantirishdir, - deydi Markaziy bank viloyat boshqarmasi boshlig‘i Shavkatjon Do‘saliyev. - Mahalla bankirlari “xonadonbay” ishlab, har bir oilaga tayyor loyihalar yoki biznes rejalar taklif qiladi. Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs — yakka tartibdagi tadbirkor — kichik biznes — o‘rta biznes zanjiri asosida tadbirkorlikning har bir bosqichida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash, aholi tomorqalari va ijaraga berilgan yer uchastkalarida yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli sotib olish uchun tadbirkorlar bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va ularning loyihalarini moliyalashtirish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Viloyatda mahallalarda 42 ming 520 ta mikroloyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, mahalla bankirlari bunga moliyaviy yordamlarini ko‘rsatadi.
M.Sulaymonov, O‘zA