Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada 300 mingdan ortiq aholiga yer ajratilmoqda
09:21 / 2021-06-18

Farg‘ona viloyatida 100 ming 208 gektar yerda takroriy ekin ekish rejalashtirilgan bo‘lib, natijada 300 ming nafar hamyurtimizga yer ajratib beriladi. Bular: 19 ming 267 nafar “Temir daftar”ga kiritilganlarga 4 ming 817 gektar;

20 ming 443 nafar “Yoshlar daftari” ro‘yxatidagilarga 4 ming 89 gektar;

17 ming 68 nafar “Ayollar daftari”dagilarga 4 ming 268 gektar.

Shu tariqa viloyatda 132 mingdan ziyod rasmiy ishsizlarga salkam 39 ming gektar yer maydoni ajratib berilmoqda.

Belgilangan reja asosida Yozyovon tumanida 18,5 ming nafardan ortiq aholiga 5,7 ming gektardan ko‘proq yer biriktirilyapti.

— G‘alladan bo‘shagan 8 gektar yer “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan hamqishloqlarimizga 0,25 gektardan taqsimlab berildi, — deydi Yozyovon tumanidagi “Yoz agro-star” fermer xo‘jaligi rahbari Abror Soliyev. – Fermer xo‘jaligi hisobidan yer maydoni traktorda haydalib, ekin ekishga tayyorlandi. Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi Kengashi tomonidan urug‘lik yetkazib berilmoqda. Urug‘lik puli hosil daromadidan qoplanadi.

“Istiqlol” MFYda yashovchi Habibullo Husanov “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. U o‘ziga ajratilgan yerda takroriy ekin sifatida mosh ekish taraddudida. Dastlabki hisob-kitobiga ko‘ra, 5 mln. so‘m daromad oladi. Mosh poyasi oila chorvasi uchun qo‘shimcha ozuqa.

“Yangiobod” mahallasi tuman markazidan 40 km olisda joylashgan. Hududdagi “Muhammadaziz iqboli” fermer xo‘jaligi tomonidan 17 nafar ishsizga 4,25 gektar yer maydoni takroriy ekin uchun ajratib berildi. Hozirgi kunda ushbu yerda sholi ekilyapti.

Ta’kidlash o‘rinliki, ezgu tashabbus doirasida Yozyovon tumanida 8,5 mingdan ziyod rasmiy ishsiz bo‘lgan oila vakillari ish bilan ta’minlandi.

 

M. Sulaymonov, O‘zA