Mamlakatimizda har bir qarich yerning aniq hisobini yuritish, yer va kadastr nazorati borasida manzilli chora-tadbirlar ko‘lami va sifati yil sayin oshirib borilmoqda. Davlatimiz rahbari raisligida o‘tgan yil 21 noyabr kuni yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham soha mutasaddilariga, jumladan, Kadastr agentligiga ham bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan. Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash va yer nazorati borasidagi qonunchilikka asosan Kadastr agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan samarali ishlar tashkil etilmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 7 sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik, umuman, mamlakatimizda yer nazoratini amalga oshirish maqsadida Kadastr agentligi, Bosh prokuratura hamda “O‘zbekkosmos” agentligi hamkorligida “e-yer nazorat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqildi. Ushbu tizim yaratilishi natijasida yer va kadastr nazorati sohasida, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish va qurilish ishlarini amalga oshirishda huquqbuzarliklarni aniqlashda samarali davlat nazorati o‘rnatilishiga erishildi.
“E-yer nazorat” dasturi joriy qilinishi natijasida ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yildi, huquqbuzarlikni bartaraf etishda muddatlar qisqarishi va hujjat almashish samaradorligiga erishildi. Shuningdek, hududlarda faoliyat olib boruvchi kadastr inspektorlari uchun zamonaviy planshetlar va bodi kameralarning tizimga tatbiq etilishi shaffoflik va inson omili kamayishida yanada ijobiy natija beradi.
Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan hududlarda yer va kadastr nazorati borasidagi ishlarga nazar tashlasak, 2023 yilda viloyat bo‘yicha 2 ming 58 ta holatda jami 253,4 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, 7,53 gektar qismiga noqonuniy qurilishlar qilinganligi aniqlangan. Qonunbuzilish holatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan muammoni bartaraf etish yuzasidan yozma ko‘rsatmalar berilib, 1 ming 210 ta holatda 81,2 gektar yer maydonlarida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari joyida bartaraf etilib, yer maydonlari davlat zaxirasiga qaytarilishi ta’minlandi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi 2-qismida “Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish” fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, mansabdor shaxslarga esa 50 baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Ushbu moddaning 3-qismida esa “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish” uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari, mansabdor shaxslarga esa 300 baravari miqdorida jarima solinishi qat’iy belgilangan.
Yerga oid qonunbuzilishi holatlari har doim ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lmaydi. Shunday holatlar borki, ularda yer bilan bog‘liq jinoyat alomatlari kuzatiladi. Misol uchun, sug‘oriladigan yerni o‘zboshimchalik bilan egallab, unda qurilish qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Sug‘oriladigan yerni sotish yoki uni qonunga xilof tarzda o‘zgaga berish uchun ham jinoiy javobgarlik bor. Agar ushbu harakatlar og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, 8-10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qo‘llaniladi.
Shunday ekan, barcha belgilangan qonunchilik asosida faoliyat olib borib, o‘zboshimchalik bilan yerni egallab olishga chek qo‘yishi kerak.
Nodirbek Mashrapov,
Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA