Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘ladigan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarilishi hamda eksportiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Respublikamizda mineral o‘g‘itlar yetishmovchiligini oldini olish hamda uning zaruriy zaxiralari yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mineral o‘g‘itlarga nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham talab katta. Hukumatimiz tomonidan mamlakatimizda umumiy ishlab chiqariladigan mineral o‘g‘itlarning qishloq xo‘jaligida yil davomida foydalanishdan ortgan qismini eksport qilish tartibi ishlab chiqilgan. Bunda asosiy e’tiborni mineral o‘g‘itlar tanqisligini oldini olishga qaratilgan.
Bojxona sohasida ham eksport tovarlarining bojxona nazorati hamda rasmiylashtiruvidan o‘tkazish soddalashtirilmoqda. Buning natijasida eksport tovarlarining to‘liq bojxona tartib taomillaridan o‘tish vaqti uch barobarga qisqartirildi. Eksportga yo‘naltirilayotgan tovarlarning 90 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda.
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida umumiy qiymati 400,5 million dollarlik tovarlar dunyoning 55 ta mamlakatiga eksportga rasmiylashtirilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20,4 foizga yoki 69,6 million dollarga organini ko‘rishimiz mumkin.
Eksport tovarlarining 314,7 million dollarini yoki 76 foizini sanoat mahsulotlari hamda 85,8 million dollarini yoki 24 foizni meva-sabzavot mahsulotlari tashkil etdi. Asosiy eksport tovarlari qatoridan kalava ip, to‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi tovarlari, oyoq kiyimlar, keramika buyumlari, metallar va ulardan yasalgan tovarlar tashkil etdi.
Viloyatning umumiy eksportida katta ulushga ega bo‘lgan tovarlardan biri mineral o‘g‘itlardir. Jami viloyat eksportining deyarli 6 foizini og‘irligi 76,7 ming tonnaga teng bo‘lgan 18,8 million dollarlik mineral o‘g‘itlar tashkil etmoqda. Viloyatdan mineral o‘g‘itlar Turkmaniston, Ruminiya, Xitoy, Afg‘oniston, Mongoliya va Polsha kabi davlatlarga eksport qilindi. Eksport qilinayotgan mineral o‘g‘itlarning 78 foizga teng bo‘lgan 67,3 ming tonna qismi aynan Turkmanistonga to‘g‘ri keladi.
Eksport qilingan mineral o‘g‘itlarning 9,7 million dollarga teng bo‘lgan 53,5 ming tonna qismi boshqarmaning “Qirguli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan bojxona nazoratidan o‘tkazilib rasmiylashtirilgan. bugungi kunda barcha bojxona yuk deklaratsiyalari masofaviy tarzda ramiylashtirilishi bilan bir vaqtda tovarlarning bojxona nazoratidan o‘tkazilishi hamda yuk kuzatuv hujjatlari rasmiylashtirilishi tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu borada “Qirguli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tadbirkorlar tomonidan sutkaning har qanday vaqtida qilingan murojaatlari hamda eksportga yo‘naltirilayotgan tovarlari tezkorlik bilan bojxona nazoratidan o‘tkazilishi ta’minlanmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA