Elektr energiyasi. Bugungi kunda hayot tarzimizning ajralmas bo‘lagi, dastyori desak adashmaymiz. Biroq ayrim iste’molchilar tomonidan elektr energiyasiga noqonuniy ulanib olish va foydalanish holatlari uchrab turibdi. Farg‘ona viloyatida joriy yilning 6 oyi davomida jami 3 ming 549 ta holatda iste’molchilar tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan bo‘lib, mazkur holatlar uchun 18 milliard 570 million so‘m miqdorida qayta hisob-kitob ishlari bajarilgan.
Shundan, aholi iste’molchilari tomonidan 2 ming 326 ta holatda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, mazkur holatlar yuzasidan umumiy 5 milliard 701,3 million so‘m qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, ulgurji iste’molchilar tomonidan 1 ming 223 ta holatda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Eng ko‘p noqonuniy holatlar Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari, Beshariq, Buvayda, Bag‘dod hamda Uchko‘prik tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan joylarda muntazam elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olishga qaratilgan reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Bundan asosiy maqsad - elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlariga butunlay barham berish va iste’molchilarni sifatli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashdan iboratdir.
O‘tkazilayotgan tadbirlar davomida joylarda aniqlangan qoidabuzarlik holatlari yuzasidan tegishli tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilib, vaqtincha elektr tarmog‘idan ajratilmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA