O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Unda okrug hududida referendum uchastkalarini tuzish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Komissiya raisi Erkinjon Nuraliyev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida” gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, referendum uchastkalari tuman-shaharlar chegaralarini inobatga olgan holda, referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida tuziladi. Referendum uchastkalari harbiy qismlar, sanatoriylar, dam olish uylari, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan yerlardagi fuqarolar turgan joylarda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ham tashkil etilishi ta’kidlandi.
–Qonunga muvofiq, referendum uchastkalari tumanlar, shaharlar hokimlarining taqdimnomasiga binoan referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari tomonidan tuzilishi kerak. Harbiy qismlarda referendum uchastkalari qismlar yoki harbiy qo‘shilmalar komandirlarining taqdimnomasiga binoan tuziladi. Ushbu tartiblarga ko‘ra, bizga taqdim etilgan taqdimnomalar asosida Farg‘ona viloyatida 1209 ta referendum uchastkasi tuzishga qaror qilindi, – dedi Referendum o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug komissiyasi raisi E.Nuraliyev.
M.Sulaymonov,
O‘zA