Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada 11 ta holatda tadbirkorlik faoliyati noqonuniy tekshirilgan
10:23 / 2020-12-25

Farg‘ona viloyati prokuraturasi organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va uning ishonchli himoyasini ta’minlashga doir qonun hujjatlari ijrosiga alohida e’tibor qaratilib, amaliy chora-tadbirlar ko‘rib borilmoqda.

Xususan, joriy yilda tadbirkorlik faoliyatini noqonuniy tekshirish va asossiz aralashishlarni oldini olish borasida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 11 ta holatda tadbirkorlik faoliyatini noqonuniy tekshirilganligi aniqlanib, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal etildi.

Masalan, “O‘zneftgazinspeksiya” Farg‘ona hududiy bo‘limi yetakchi mutaxassisi I.A. Farg‘ona shahridagi tadbirkorlik sub’ektiga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchasida avtotransportlarga yoqilg‘i mahsulotini belgilangan me’yorda quyilishi va boshqa holatlar yuzasidan asossiz tekshirish o‘tkazgan. Shu jumladan, ushbu tekshirish Prezidentimizning 27.07.2018 yildagi “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni talablari asosida Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishish yoki xabardor qilish uchun elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritilmagan.

Qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan I.A.ga nisbatan 20.02.2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 241-2-moddasi bilan ish qo‘zg‘atilib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.

Viloyat prokuraturasi tomonidan joriy yilda sohada o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy huquqlarini buzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarning 50 nafari intizomiy, 27 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 7 ta qonunga zid hujjatlarga nisbatan protest keltirilgan. Qonun buzilish holatlarini kelib chiqish sabablari, unga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan joylarga 51 ta taqdimnoma, tadbirkorlarning manfaatini ko‘zlab sudlarga 3 ta da’vo arizalari kiritilgan.

Nazorat tadbirlari natijasida 1 ming 549 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlangan. Tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘tkazib kelinayotgan uchrashuvlarda kelib tushgan murojaatlar asosida ularning 1660 dan ortiq muammolari prokuratura organlari aralashuvi bilan tezkorlik bilan hal qilingan.

Jumladan, tadbirkorlar va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi bo‘lgan shaxslarning 524 nafariga 936 milliard 541 million so‘mlik kredit olib berilishi, 14 nafariga ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirishga 15,6 gektar yer maydoni ajratilishi, 5 nafariga bino ajratilishi, 182 nafariga litsenziya va boshqa ruxsatnomalar olinishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, 574 nafar tadbirkorning elektr, gaz va suv ta’minoti bo‘yicha, 364 nafarini esa boshqa masalalarga doir muammolari hal qilindi.

Misol uchun, viloyat prokuraturasi tomonidan Quvasoy shahridagi “Ferteks” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonaga ip-kalava bo‘yash loyihasini amalga oshirish uchun 14 milliard  450 million so‘m bank krediti ajratilishida ko‘rsatilgan amaliy yordam tufayli korxonaga yangi ishlab chiqarish dastgohlari olib kelinib, 98 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Bag‘dod tumanida qalampir mahsulotlarini yetishtirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Karavan Bagdad” ishlab chiqarish korxonasining eksport salohiyatini oshirish uchun qo‘shimcha yer maydoniga ehtiyoji mavjudligi aniqlanib, tuman prokuraturasining ko‘magida korxonaga 5 gektar yer maydoni ajratildi.

Karantin davrida ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Masalan, Farg‘ona shahridagi paxta va plastmassani qayta ishlashga ixtisoslashgan “Enjoy cotton textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli yuk va yo‘lovchi tashish avtotransport vositalariga erkin harakatlanishlari uchun ruxsatnoma olinishida amaliy yordam ko‘rsatildi va ishlab chiqarishga doir muammolari hal etildi.

M. Sulaymonov,O‘zA