Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada 11 nafar urush qatnashchisi va front orti faxriylari yo‘qlanmoqda
18:44 / 2024-05-08

Vatan ozodligi, hozirgi tinch-omon kunlar uchun jang maydonlarida halok bo‘lgan ota-bobolarimizning muqaddas xotirasini yod etib, bugungi kunda el ardog‘ida umrguzaronlik qilayotgan keksalarga alohida hurmat-e’tibor ko‘rsatish yurtimizda ezgu an’anaga aylangan. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushidagi ota-bobolarimizning jasorati, matonati tom ma’noda bugungi avlodlar uchun ibrat namunasidir.

Farg‘ona viloyatida bugungi kunda 11 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi yashaydi. Davlatimiz rahbarining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni urush qatnashchilarining ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib, ularga yanada kuch-quvvat bag‘ishlamoqda. Ayni kunlarda Ikkinchi jahon urushi faxriylarining holidan xabar olinib, ularga Prezidentimizning bayram tabrigi, 20 million so‘mdan pul mukofotlari, sovg‘alar topshirilmoqda. 

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Oybek Saidov, viloyat mudofaa va xavfsizlik tizimlari rahbarlari, viloyat sektorlari rahbarlari va jamoatchilik vakillari birgalikda Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk g‘alabaning 79-yilligi munosabati bilan Farg‘ona shahrida yashovchi Tatyana Usmanova, Farg‘ona tumanida yashovchi Tursunbek ota Isanbekov hamda Toshloq tumanida yashovchi Odiljon ota Zokirov xonadonlarida bo‘lishib, faxriylarni va ularning oila a’zolarini bayram bilan tabrikladilar, davlatimiz rahbarining tabrigi o‘qib eshittirilib, pul mukofotlari, sovg‘alar topshirildi. 

[gallery-17334]

102 yoshni qarshilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Tatyana Usmanova viloyat rahbarlarini ochiq chehra bilan kutib oldi. Onaxon ko‘rsatilayotgan e’tibordan mamnun ekanini qayta-qayta ta’kidladi. 

Tursunbek ota Isanbekov Xonqiz qishlog‘ida yashaydi. Bu yil 98 yoshni qarshi oldi. Hozir farzandlari, nabiralari ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda. 

Odiljon ota Zokirov 101 yoshni qarshiladi. Turmush o‘rtog‘i bilan 4 o‘g‘il va 6 qizni voyaga yetkazib, ularni jamiyatga manfaat keltiradigan inson sifatida tarbiyaladilar. Hozir 200 dan ortiq nabira, chevara va evaralarning duogo‘yi bo‘lib, doim ardoqda. 

Suhbat davomida faxriylar urush xotiralari, o‘tgan davrlarning qiyinchiliklari, hayot tajribalari haqida so‘zlab berishdi. Bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish kerakligini takror- takror ta’kidladilar. Prezidentimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik uchun minnatdorchilik izhor qildilar. 

Mustaqilligimiz, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik bardavom bo‘lishini, oilalarda baraka, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilindi. 

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA muxbirlari