Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada 100 dan ziyod murakkab va yuqori texnologik operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarildi
17:32 / 2022-05-10

FOTOREPORTAJ

Ko‘pchilik salomatligidagi salbiy o‘zgarishlarga o‘z vaqtida e’tibor qilmaydi. Ba’zan ana shu beparvolik oqibatida kasallik yanada zo‘rayib, bemor qiyin ahvolda qoladi.

Bugun oramizda og‘ir kasallikka chalinib, uzoq yillar to‘shakka mixlanib qolgan ana shunday bemorlar yo‘q emas. Biroq ularning hammasida ham shifoxonada yotib davolanishga, o‘z vaqtida kerakli muolajalarni olishga imkon yo‘q.

Davlatimiz tomonidan bugun shu kabi yurtdoshlarimiz salomatligiga alohida e’tibor qaratilib, kam ta’minlangan, nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan shaxslarning murakkab operatsiyalari bepul amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi esa ayni shu maqsadlarni ko‘zda tutgan.

Tadbir doirasida shu kunlarda viloyatdagi qator tibbiyot muassasalarida poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar boshchiligida ko‘plab yuqori texnologiyali murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.

Xususan, tadbir doirasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialida bir qancha og‘ir bemorlarda murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali kardiojarrohi Xondamir Mamadaliyevning aytishicha, uyqu arteriyasini aterosklerozdan tozalash anchagina murakkab muolaja. Buning uchun bemorning bo‘yin qismi jarrohlik yo‘li bilan ochilib, bosh miyaga ketgan arterial qon tomirlari xolesterindan tozalanadi. Shunisi e’tiborliki, bunday murakkab operatsiya viloyatda ilk bor o‘tkazildi.

Ana shunday og‘ir xastalikka chalinganlardan yana biri oltiariqlik Sobirjon Rahmonov bo‘lib, 2021 yil yanvar oyida insult xastaligini boshdan kechirgan. O‘sha yili may oyida unda kardiojarrohlik operatsiyasi o‘tkazilgan. Biroq bemor muolajadan keyin ham butunlay sog‘ayib ketmadi. So‘nggi tibbiy tekshiruvlardan keyin uning uyqu arteriyalarini aterosklerozdan tozalash kerakligi ma’lum bo‘ldi.

– Kasallikning kelishi oson, ketishi qiyin ekan, - deydi S. Rahmonov. – Ammo dard qanchalik og‘ir bo‘lmasin, inson tushkunlikka tushmasligi kerak. Ayniqsa, biz kabi bemorlarga davlatimiz tomonidan alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani sog‘ayishimizga yanada ishonch bag‘ishlamoqda.

Farg‘onada boshlangan sog‘lomlashtirish aksiyasi doirasida o‘tgan bir hafta davomida viloyat tibbiyot muassasalarida 100 dan ziyod murakkab va yuqori texnologik operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarildi.

Shuningdek, Farg‘onada ilk bor ateroskleroz kasalligiga chalingan ikki nafar bemorda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

[gallery-7031]

Muqimjon QODIROV (surat) O‘zA