Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada 1 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi
12:38 / 2023-07-24

Farg‘ona viloyatida xorijiy investitsiyalarni jalb etishga muhim e’tibor qaratilayotgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida qariyb 500 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirildi. Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Singapur davlatlari bilan samarali hamkorlik natijasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Yil oxiriga qadar 1 milliard dollardan ortiq investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Sanoat shahri hisoblangan Quvasoyda bu borada olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Joriy yilning 6 oyida jami 31,5 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xorijiy kreditlar jalb qilindi. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 120 foizga o‘sgan.

Quvasoy shahri iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritish bo‘yicha Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Eron, Germaniya hamda Turkiya davlatlari yetakchilik qildi. O‘tgan davrda 6 davlatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirildi. Mazkur investitsiyalarning asosiy qismi qurilish materiallari, to‘qimachilik, neft,  kimyo va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan.

O‘tgan yil dekabrda ish boshlagan “Art soft ceramics” korxonasi yiliga qariyb 3 million kvadrat metr keramogranit mahsulotlar tayyorlash quvvatiga ega. Ayni paytda bu yerda 350 nafar ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda. Mahalliylashtirish darajasi 100 foiz bo‘lgani bois tovarlar xorijnikidan ancha arzon narxlarda bozorga chiqarilmoqda. Shuningdek, ularning 35 foizi Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilinmoqda. Bu yerda yiliga 15 million dollarlik eksport qilish imkoni mavjud.  

Keyingi yillarda shaharda tikuv-to‘qimachilik sohasi ancha rivojlandi. Endi o‘zimizda ham sifati xorijning yetakchi brendlaridan qolishmaydigan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bu mahsulotlar nafaqat ichki bozorga, balki eksportga ham yo‘naltirilmoqda. Joriy yilning o‘zida shahar hududida bir qator loyihalar ishga tushirilishi natijasida yangi korxonalar faoliyat boshladi. «Ellycardin textile» xorijiy korxonasi shulardan biridir. Aslan Muhammet ta’sischiligida faoliyat yuritayotgan mazkur korxonada ayni paytda 70 turdan ziyod ayollar ro‘moli va sharfi ishlab chiqarilmoqda.  

Korxona joriy yilning mart oyida faoliyatini boshlagan bo‘lib, shu qisqa davr mobaynida qariyb 200 ming dollarlik eksportni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, 500 ming dollar xorijiy investitsiya kiritilib, xotin-qizlar uchun 100 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu yerda tayyorlangan mahsulot asosan xorijga eksport qilinadi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga xorijliklar katta qiziqish bildirayotganliklari bois ushbu korxona 12 ta davlat bilan shartnoma imzolagan.

–Ishchi-xodimlarning yaxshi ishlashlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berganmiz, – deydi  korxona rahbari Mashhuraxon Akramova. – Ularning ishga kelib-ketishlari uchun maxsus transport vositalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, ular ikki mahal issiq ovqat bilan ta’minlanmoqda. Ishchilarimizning aksariyatini ishsiz, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», kam ta’minlanganlar ro‘yxatida turadiganlar tashkil etadi.  

 

M.Sulaymonov, O‘zA