Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona: “Yoshlar ko‘li” o‘rnida...  Turar joy? (+video)
11:02 / 2024-03-05

Farg‘ona uy-joy qurilishi miqdori bo‘yicha mamlakatda yetakchilardan biri deb e’lon qilindi. Ammo... yo‘q, bugun ularning sifati haqida gapirmoqchi emasmiz. Chunki, u alohida, jiddiy mavzu. Xo‘sh, bu uylar qayerlarga qurilyapti?

Ekoshahar Farg‘ona aeroporti yonidagi ilgari o‘zlashtirilmagan, adirlardan iborat maydonda bunyod etilmoqda. Bu yerda uch yuzga yaqin ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy inshootlar qurilishi rejalashtirilgan. Qolaversa, u o‘z nomi bilan EKO shahar. Ya’ni bu yerda tabiiy gaz qo‘llanmaydi. Hammasi, uylarni isitishdan to xonadon oshxonasigacha elektr quvvatida ishlaydi. Ko‘p qavatli uylar oralig‘ida xiyobonlar, bolalar maydonchalari, avtomashinalar turar joylarigacha hisobga olingan. Xullas, ekoshahar – zamonaviy talablar loyihasi, deyish mumkin.

Lekin, shahar ichidagi uy-joylar-chi? Ular shu qadar zichki, hatto ko‘ngilsiz voqea ro‘y bersa, yordam ko‘rsatish xizmati mashinalari ham erkin yura olmaydi. Qayerdaki, bir parcha yer bo‘lsa, o‘sha yerga ko‘p qavatli uy joylangan.

Bu ham mayli-ya, aholi foydalanib kelgan ijtimoiy manzillar ham birin-ketin kamayib, o‘rnida yana qo‘p qavatli turar joylar tiklanyapti.

Mana bu binolar o‘rnida ilgari bolajonlar uchun akvapark bo‘lar edi.

Marg‘ilonsoy sohilidagi “Yoshlar bog‘i” hududi kundan kun qisqarib, o‘rinini oshxona-yu, restoran, klinikalar egallamoqda.

Shahardagi yagona istirohat bog‘i ham jon talvasasida chekinyapti. Ahmad al-Farg‘oniy bog‘iga kirishning eng katta yo‘lagi o‘rnida hashamatli bino qurilayotganini ko‘rasiz.

Nega hadeb edi, edi deyaverasiz, deb dashnom berishga shoshilmang.

Shahar markazidagi “Yoshlar ko‘li” 2020-yilda ta’mirlangan, obodonlashtirilgan, chor atrofiga toza suv bilan ta’minlab turish uchun tik quduqlar chiqarilgan edi. Yozning issiq kunlari minglab farg‘onaliklar shu yerda cho‘milishar, suv sporti bilan shug‘ullanishardi... Shuning uchun ham u viloyat sport boshqarmasi hisobida turar edi.

2021-yilga kelib va undan keyingi uch yil davomida “Yoshlar ko‘li” suv bilan to‘latilmadi, yozda ham faoliyat ko‘rsatmadi. Buning sabablari haqida “Farg‘ona haqiqati” gazetasi o‘shanda tahliliy maqola bergandi. Mutasaddilar uni e’tiborsiz qoldirdilar.

– Farg‘ona shahridagi bu “Yoshlar ko‘li” kelajakda iqtidorli yosh sportchilarni tanlashda eng asosiy o‘ringa ega degandim, – deydi Farg‘ona viloyati kanoe federatsiyasi ijrochi direktori Nasriddin Xoliqov. – Mana endi hozirga kelib, havzada suv yo‘q, uni to‘ldirish imkoniyati bo‘lmadi. Tik quduq orqali olinayotgan suv uchun sarflangan elektr quvvatiga pul topilmadi. Shuning uchun asta-sekinlik bilan barcha mashg‘ulotlarimiz to‘xtab qoldi. Ko‘l ko‘p xizmat qilishi kerak edi bu sport turi uchun.

Kuni kecha esa Farg‘ona markazidagi “Yoshlar ko‘li”da buzish ishlari boshlandi. Ma’lum bo‘lishicha, u Farg‘ona viloyati hokimining 2024-yil 29-yanvardagi 44-11-0-Q/24-sonli qaroriga ko‘ra “Unays building” MCHJga biriktirilgan. Qarorda, jumladan, shunday deyiladi:

“Farg‘ona shahar hokimligi balansidagi sobiq “Yoshlar ko‘li” bino-inshootlariga mehmonxona, restoran, savdo majmuasi loyihalarini amalga oshirish sharti bilan “Unays building” MCHJga doimiy muddatga foydalanish huquqi bilan biriktirib berilsin. 

Davlat kadastr agentligining viloyat boshqarmasi biriktirib berilgan yer maydoniga aniqlik kiritsin hamda tegishli tartibda kadastr hujjatlari tayyorlasin”.

Xo‘sh, bu qaror qanchalar asosli? Bu savolga javob olish uchun biz bir necha idoralar eshigini qoqdik.

– “Yoshlar ko‘li” shu kungacha viloyat sport boshqarmasi tasarrufida bo‘lib kelgan, – deydi Farg‘ona viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Nodir Hakimov. – Ko‘lni Farg‘ona shahar hokimligi zaxirasiga qaytarishga rozilik berilgan. Ular ko‘ldan qanday maqsadda foydalanishi bizga qorong‘u. 

– Farg‘ona shahrida joylashgan sobiq “Yoshlar ko‘li” bir necha yillardan buyon qarovsiz holatda bo‘lganligi hamda ushbu hududda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Farg‘ona filiali joylashganligi, yon tarafida viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi borligi hamda turli davlat idora va tashkilotlar joylashganligi, ko‘lning esa tashlandiq holati shahar ko‘rinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi, – deydi Farg‘ona shahar hokimining o‘rinbosari Jahongir Baxtiyorov. – Ushbu joydan samarali foydalanish maqsadida viloyat hokimining tegishli qaroriga asosan, xorijiy investitsiyalar jalb qilish hamda mahalliy mablag‘lar sarflash evaziga u yerda zamonaviy mehmonxona, restoran, ko‘p qavatli turar joy binolari, ko‘ngilochar maskanlar tashkil etilishi belgilangan. 

– Davlat aktivlarini boshqarish Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi bilan oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilmagan, sababi – obyekt sotilmagan. – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Dilshod To‘lqinov. – Chunki, Prezidentimizning 2019-yil 7-martdagi PQ–4231-sonli qarorining 11-bandiga ko‘ra, viloyat hokimlariga shahar-tuman hududlarida bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini investitsiya kiritish sharti bilan tadbirkorlarga doimiy yoki uzoq muddatga foydalanishga biriktirish huquqi berilgan. Shunga asosan, viloyat hokimining qarori bilan “Yoshlar ko‘li” tadbirkorga foydalanishga berilgan.

Farg‘ona shahrida atigi bir dona yozgi sun’iy ko‘l bor edi. Sathi 2,2 gektarli ko‘l, ayniqsa, yoshlarning sevimli joyi bo‘lgan. Xo‘sh, ular bu haqda nima deydi?

Og‘abek Murodillayev:

– Hozir yoshlarga yaratilayotgan sharoit kam qolyapti. Ko‘l qolsa yaxshi bo‘lar edi. Chunki, u yer ham sayilgohdek joy.

Abdulhamid Abdulhaq:

– Joyning qulaylik tarafi – oldidan soy oqib o‘tadi. Yozning jazirama paytida ko‘lda cho‘milish uchun barcha sharoit bor edi.

Ozod Vahobjonov:

– Inson sog‘lom bo‘lishi uchun sport bilan shug‘ullanishi kerak. Suzish mashg‘ulotlarini o‘tkazib, miriqib dam olish uchun tayyor turgan ko‘l o‘rniga uy-joy qurgandan ko‘ra, uni saqlab qolish kerak, deb hisoblayman.

Nodir Hakimov:

– Bir vaqtning o‘zida yuzlab yoshlarni qabul qiladigan boshqa ko‘l yo‘q.

Shunday qilib, nafaqat shahar, balki viloyat aholisi uchun ham muhim ahamiyatga ega “Yoshlar ko‘li” jamoatchilik fikrini o‘rganmay, avvaldan qaror loyihasi e’lon qilinmay, tender savdosiga qo‘yilmay “Unays building” MCHJga restoran, mehmonxona va uy-joy qurish uchun biriktirilgan.

Xo‘sh, “Unays building” MCHJ haqida nimalar ma’lum?

Davlat xizmatlari agentligi hujjatlarida qayd etilishicha, u 2024-yilning 5-yanvarida ro‘yxatdan o‘tgan. Manzili – Farg‘ona shahridagi qo‘p qavatli uylarning biridagi xonadon.

Shu o‘rinda yana bir ma’lumot bilan tanishtirmoqchimiz. 

– Qirguli mavzesida joylashgan ko‘l bor. U yerda yoshlarning maroqli hordiq chiqarishi hamda sayyohlar uchun plyaj hududi tashkil etish loyihasi ustida ish olib borilmoqda, – deydi Farg‘ona shahar hokimining o‘rinbosari Jahongir Baxtiyorov.

Hokimiyat Farg‘ona shahridagi “Yoshlar ko‘li” o‘rniga taklif qilayotgan ko‘lning atrofi botqoqlik, qamishzor, sahni esa yer osti sizot suvlari ko‘lmagidan iborat. Izohga hojat yo‘qdek. 

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wMtR_-jRTCw" title="Fargʻona: “Yoshlar koʻli” oʻrnida... Turar joy?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Ma’lumot uchun aytaylik, yuqoridagi suhbatdoshlar tilga olgan Prezident qarorida bo‘sh turgan binolar haqida aytilgan. Bu yerda esa ko‘l maydoni biriktirilyapti. Bu viloyat hokimi qarorida ham kadastr idorasiga topshiriq berish chog‘ida “yer maydoni” deya alohida ko‘rsatilgan.

“Unays building” MCHJning investitsyai jalb etish, Farg‘onada mehmonxona, restoran, ko‘p qavatli turar joy qurish haqidagi rejalari ibratli, albatta. Ammo... 

– “Yoshlar ko‘li”ni saqlab qolish zarur edi, – deydi sport murabbiyi Nasriddin Xoliqov. –. Tadbirkor savdo do‘koni, mehmonxona va uy-joylarni Eko shaharchada yoki boshqa joyda qursa bo‘ladi-ku! 

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA