Farg‘ona viloyatida 19 ming 950,5 kilometr avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, uning 4 ming 31 kilometri umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llari, 15 ming 919,5 kilometri ichki xo‘jaliklararo avtomobil yo‘llar, shahar va qishloq aholi punktlari ko‘chalarini tashkil etadi.
O‘tgan yili viloyatda yo‘llarni ta’mirlash dasturi doirasida umumiy qiymati 494,8 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirilgan. 1 ming 550,4 kilometr yo‘llar holati yaxshilanib, 1 ta zamonaviy ko‘prik foydalanishga topshirilgan.
– Belgilangan ishlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun yangi texnika va texnologiyalardan samarali foydalanish, arzon va sifatli mahalliy qurilish xom ashyolar yordamida yo‘l qurish, ta’mirlashga alohida e’tibor qaratyapmiz, – deydi Farg‘ona viloyati avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi boshlig‘i Oybek Nazirov. – Ayniqsa, ichki xo‘jalik yo‘llari va yo‘laklarni ta’mirlash, transport va aholi harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratish, yo‘l belgilari o‘rnatish, ta’mirlash ishlari kundan kunga ortib bormoqda. Natijada ichki yo‘llarni ta’mirlash darajasi qariyb 68 foizga oshdi. 2021 yilda 1 ming 50 ta mahalla va qishloqlardagi ichki yo‘llar ta’mirdan chiqarildi. Bu ishlar samarasi tufayli bir nechta ijtimoiy soha ob’ektlariga olib boruvchi yo‘l o‘tkazuvchanligi ta’minlandi. Keng va ravon yo‘llar qurish, mavjudlarini ta’mirlash bilan bog‘liq ishlar bir dam bo‘lsada to‘xtagani yo‘q. Yo‘lsozlar yo‘llarni tekislash, tosh-shag‘al, asfalt yotqizish, betonlash kabi mukammal va joriy ta’mirlash ishlarini jadal olib bormoqda.

Toshloq tumanidagi “Xonariq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 2,5 kilometrga yaqin ichki yo‘llar asfaltlandi, 600 metr beton qoplamali yangi yo‘llar qurildi. Bir qaraganda bu unchalik ko‘p raqamlarni tashkil etmaydi. Ammo, tuman markazidan 30 kilometr olisda joylashgan, bir tomoni qo‘shni Andijon viloyatining Bo‘z tumaniga tutash, o‘tgan asrning 50 yillarida qum barxanlar “qo‘ynida” tashkil etilgan qishloqda yaratilgan bu infratuzilma tarmog‘i odamlar uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish imkoniyatini berdi.

– Yozda chang-to‘zon, qishda to‘piqqacha loyga botgan ko‘chalarimizda bugun amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga ko‘pning havasi keladi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ro‘ziboy Mirzayev. – O‘ttiz yildirki, ichki yo‘llarni ta’mirlash, tartibga keltirish, toza ichimlik suvi olib kelish yechib bo‘lmas masalalardan biri edi. Orzularimiz ushaldi. Aholi turmush tarzida muhim bo‘lgan madaniy-maishiy sharoitlarni yaxshilash uchun zaruriy byudjet mablag‘lari ajratishda aholining bevosita ishtirokini ta’minlash maqsadida “Ochiq byudjet”, “Tashabbusli byudjet” tamoyillari hayotga tatbiq etilgani ayni muddao bo‘ldi. Ko‘chalarimizni asfaltlash borasida bildirgan taklifimiz “Ochiq byudjet” portalida 2 ming 14 ta ovoz olib g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, 3 kilometr toza ichimlik suv tarmoqlari tortilgani qishlog‘imizga o‘zgacha quvonch-shodlik olib keldi. Obod bo‘lgan ko‘chalar odamlar kayfiyati, ruhiyatini ko‘tardi.
Joriy yilning o‘zida, birgina Toshloq tumanida “Ochiq byudjet” platformasi va “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida 9 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarni asfaltlash ishlari olib borilmoqda. Yillar davomida ta’mirlanmasdan, qarovsiz holga kelgan ko‘chalarda bir amallab yurgan yo‘lovchi yo‘l qadrini yaxshi biladi.

– Ish boshlagan ilk kunimdanoq mahalla ahli kundalik hayot tarzi uchun muhim bo‘lgan yo‘l, toza ichimlik suvi tarmoqlari faoliyatini yaxshilash, aholi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga e’tibor qaratib kelyapman, –deydi Toshloq tumanidagi “So‘kchilik” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Muhammadqodir No‘’monov. – “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida Hilol ko‘chasida 3 kilometr 100 metr yo‘llarga asfalt yotqizildi. Mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismidan yana 800 metr ichki ko‘chalarni shag‘allashtirish, asfaltlash borasida ish olib boryapmiz. Qo‘li-qo‘liga tegmay mehnat qilayotgan yo‘lsozlar, qudratli texnikalar yordami bilan ichki ko‘chalarga shag‘al yotqizish, tekislash, betonlash bilan bog‘liq amaliy ishlar bir dam bo‘lsada, to‘xtagani yo‘q.
–Yangi mahallaga ko‘chib chiqqanimizga 35 yil bo‘ldi, – deydi Muxtorali Ergashev. – Uyga mehmon kelsa xijolat bo‘lardik. Ko‘chalarimiz kuz-qish oylarida loy, yozda chang-to‘zon edi. Holat yuzasidan ko‘p joylarga murojaat qilganmiz. Ammo ijobiy yechim topilmagan. Qurilish, bunyodkorliklar tufayli ko‘p qatori bizning mahallamizdagi ichki yo‘llar ta’mirlandi, aholi va transport harakatlari uchun qulay sharoitlar yaratildi. Nafaqat yo‘l, suv, elektr ta’minoti bilan bog‘liq masalalar yechimiga ham e’tibor qaratilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.
Joriy yilda viloyat hududidagi 531 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash, asfaltlash rejalashtirilgan. Hozirga qadar ta’mirlash dasturiga asosida 47,6 kilometr sementobeton, 106,1 kilometr asfalt qoplama, 72,4 kilometr shag‘allash ishlari amalga oshirildi. Qo‘shtepa tumani “Langar” mahalla fuqarolar yig‘ini ichki yo‘l sohasi bo‘yicha eng og‘ir hududlardan bir edi. 2022 yil rejasi asosida bu yerdagi 7,1 kilometr ichki yo‘llar to‘liq ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.
–Bu kabi misollar ko‘lami keng, – deydi Farg‘ona viloyati “Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi rahbari Shuhratjon Po‘latov. –“Obod qishloq” dasturi doirasida Yozyovon tumanidagi “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Qayirma, Nayman, Kattashoh, Bog‘cha, Bog‘ ko‘chalarida 3 kilometrdan ortiq asfaltlash ishlari olib borildi. Bo‘tqachi ko‘chasining 2,6 kilometrida yo‘llar qayta ta’mirlandi. Ichki ko‘chalarni ta’mirlash bilan bog‘liq ish jarayonlarini 1 oktyabrgacha yakunlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, viloyatimizdagi ichki xo‘jalik yo‘llarini 2026 yilga qadar belgilangan dastur asosida bosqichma-bosqich to‘liq ta’mirlash rejalashtirilgan. Buning natijasida birorta ham nosoz ichki yo‘llar qolmaydi. Uzoq yillar davomida xalqaro va shaharlararo yo‘llarni qurish, ta’mirlashga bo‘lgan e’tibor tufayli ichki yo‘llar holati izdan chiqdi, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Endilikda bu boradagi muammolar yechimiga alohida e’tibor qaratilayotir.
Prezidentimizning 2022 yil 18 mart kungi “2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, birgina Farg‘ona viloyatida 261 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida 85 kilometr sementobeton, 218 kilometr asfalt qoplamali yo‘llar qurish, 228 kilometr shag‘allashtirish rejalashtirilgan. Bu ishlar Respublika byujdeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Ta’mirlash ishlari “Shaffof” platformasida g‘olib bo‘lgan pudratchi tashkilotlar tomonidan olib borilmoqda.
–Mutaxassislarimiz tomonidan alohida qurilmalar yaratilib, amaliyotga innovatsion g‘oyalar joriy etilmoqda, – deydi “O‘zyo‘linspeksiya”ning Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi bosh mutaxassisi – davlat inspektori Jahongir Sharopov. – Bu borada mahalliy iqlim sharoitidan kelib chiqib, beton qoplamali yo‘llarni yoz va qish mavsumida birdek xavfsizligi uchun jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda har bir jarayon bo‘yicha alohida yo‘riqnomalar ishlab chiqildi. Qo‘l mehnatini kamaytirish uchun avtomatik qurilmalardan keng foydalanilmoqda. Belgilangan me’yorga ko‘ra, asfalt yo‘llardan o‘rtacha 8-10 yil, beton qoplamali yo‘llardan esa 20 yil foydalaniladi. Sifati, tejamkorligi va xomashyo borasida taqchillik kuzatilmasligi sababli yaqin istiqbolda ichki yo‘llarni bosqichma-bosqich beton qoplamalari bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
M.Sulaymonov,
O‘zA