Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida voleybol bo‘yicha “Millatlar ligasi-2025” Markaziy Osiyo chempionati boshlandi. Unda Eron, Hindiston, Pokiston, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Turkmaniston davlatlari hamda mamlakatimizdan jamoalar ishtirok etmoqda.
Mazkur musobaqaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘z olgan Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov barcha ishtirokchilarini nufuzli sport musobaqasi bilan tabriklab, jamoalarga omad tiladi.
Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi (CAVA) tomonidan Farg‘onada ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli musobaqa nafaqat sportni targ‘ib qilish, balki mintaqadagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash uchun ham muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Voleybol federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev mazkur sport musobaqasi ishtirokchilarini tabriklab, o‘zaro do‘stlik va ishonchni mustahkamlashda bu kabi tadbirlar muhim o‘rin tutishiga e’tibor qaratdi.
Tadbir davomida ishtirokchi jamoalarga viloyat voleybol federatsiyasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
San’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, raqslar va sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari barchaga ko‘tarinkilik ulashdi.
[gallery-23664]
Bugun musobaqalarga start berilib, jamoalar g‘oliblik uchun bahslashmoqda. Mazkur musobaqa joriy yilning 4 iyun kuniga qadar davom etadi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov(surat), O‘zA