Yurtimizda kuzatilayotgan sovuq harorat sababli Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyati iste’molchilarga yetkazib berilayotgan avtobenzin hajmi oshirildi.
Energetika vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, yuzaga kelgan mazkur ortiqcha talablarni qondirish maqsadida bugungi kunda Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarining avtobenzin ishlab chiqarish quvvatlari 3,3 ming tonnadan 4,0 ming tonnaga oshirildi. Bunda o‘rtacha kunlik 700 tonna qo‘shimcha avtobenzin ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan import asosida “SDK Group And“ korxonasi tomonidan olib kelinayotgan AI-92 K5 rusumidagi avtobenzin hajmi ham orttirildi.
Bu bilan ichki bozorda birja savdolariga chiqariladigan avtobenzin miqdori savdosini oshirishga erishildi.
Farg‘ona vodiysidagi AYOQSH larga yetkazib beriladigan kunlik avtobenzin hajmi 400 tonnadan o‘rtacha 800 tonnaga oshirildi.
Buning uchun talab etiladigan 7,8 ming tonna avtobenzin zaxirasi Farg‘ona vodiysi uchun safarbar etildi.
Shu bilan birga, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan avtobenzinning asosiy qismi Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga yetkazib berilishi ta’minlanmoqda.
Joriy oyning 13 sanasida Farg‘ona vodiysidagi AYOQSH larga jami 929 tonna, jumladan, Andijon viloyatiga 503 tonna, Namangan viloyatiga 202 tonna va Farg‘ona viloyatiga 224 tonna avtobenzin yetkazib berilgan.
N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA