Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Farg‘ona vodiysi tekstil mahsulotlari” birinchi forumi o‘z ishini boshladi
10:59 / 2022-08-04

Fotoreportaj

Farg‘ona viloyat teatr-konsert saroyida “Farg‘ona vodiysi tekstil mahsulotlari” birinchi forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimligi mas’ullari, 50 nafardan ziyod rossiyalik ishbilarmonlar va importyorlardan iborat delegatsiya a’zolari, viloyatdagi tekstil korxonalari rahbarlari, bank xodimlari qatnashdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimligi Investitsiyalar va tashqi savdo kotibiyati mudiri Azimjon Yuldashev 2 ming 100 dan ortiq tekstil korxonasi faoliyat olib borayotgan Farg‘onada 130 dan ortiq Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi borligini ta’kidladi. Forumning tashkil etilishi tekstil yo‘nalishida o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirib o‘tdi. 

Anjumanda tadbirkorlar tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu tadbir ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning yo‘lga qo‘yilishida o‘ziga xos ko‘prik bo‘lishiga ishonch bildirildi.

[gallery-8147]

Ochiq muloqot davomida tekstil mahsulotlarini eksport qilishda belgilangan tartiblar, bojxona talablari, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari, yuklarni transportda tashish jarayonlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng mehmonlar viloyatdagi tekstil korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Kunning ikkinchi yarimida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida B2B shakldagi muzokaralar o‘tkazildi. Bundan tashqari Marg‘ilon shahridagi ipak mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Yodgorlik” majmuasi ko‘zdan kechirildi. 

Tadbirning keyingi kunlarida esa ishbilarmonlar shahar-tumanlarda faoliyat olib borayotgan tekstil korxonalaridagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishadi. Tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik istiqbollari belgilanadi.

Kelgusida “Farg‘ona vodiysi tekstil mahsulotlari” birinchi forumi tajribasidan kelib chiqib, dunyoning ko‘plab davlatlari, xususan, Yevropa davlatlari sarmoyadorlari va farg‘onalik ishbilarmonlar o‘rtasida ham forumlar tashkil etish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA