Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona vodiysi chegara hududlari aholisiga qishloq xo‘jaligi texnikalari topshirildi
13:54 / 2023-03-27

Shu kunlarda Andijon va Namangan viloyatlaridagi qishloqlar aholisi yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO tomonidan yetkazib berilgan yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari – motokultivatorlar va sut separatorlaridan foydalanishni o‘rganmoqda.

Andijon viloyatining Marhamat va Namangan viloyatining Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlaridagi 6 ta mahalla xonadonlariga 28 dona motokultivator, separator kabi qishloq xo‘jaligi uskunalardan tashqari 5850 dona sertifikatlangan mevali daraxtlar ko‘chatlari, o‘n ming kilogramm urug‘lik kartoshka ham topshirilgan.

Ushbu yordam BMT Bosh kotibining Tinchlik qurish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan FAO va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning «O‘zaro hamkorlik orqali O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish»  qo‘shma loyihasi doirasida ko‘rsatildi.

Yangi uskunalar qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish va aholi daromadini oshirishga xizmat qiladi. Mazkur tashabbus orqali Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaradosh hududlarida barqaror rivojlanish va umumiy farovonlikka erishishda muhim rol o‘ynayotganini tan olar ekanmiz, gender tengligini ta’minlash va zaif qatlam imkoniyatini kengaytirishga xizmat qilishi tabiiy.  

– Qishloq aholisi yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi resurslaridan foydalanishini ta’minlash muhim, ammo bu muvaffaqiyatli natijalarga erishish uchun yetarli emas, – deydi loyihaning O‘zbekistondagi FAO tomonidan koordinatori Nozima Malikova. – Ta’sirni eng yuqori darajaga oshirish uchun resurslarni taqsimlagandan so‘ng, biz loyihaning benefitsiarlari uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazamiz.

Ta’kidlanishicha, aholi taqdim etilgan uskunalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan keyinchalik samarali foydalanish uchun zarur bilim, ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Shu tariqa qishloq aholisi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning soha barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishi uchun daromadlarini oshirish imkoni kengayadi.

– Kelgusida qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha texnik treninglar o‘tkaziladi, – deya ma’lum qiladi FAO. – Shu bilan birga, loyiha benefitsiarlari uchun kelajakda o‘z mahsulotlarini muvaffaqiyatli sotish imkonini beradigan tadbirkorlik ko‘nikmasini rivojlantirish uchun agrobiznes bo‘yicha seminarlar ham tashkil etiladi. Bundan tashqari, yaqin oylarda qishloq xo‘jaligi jihozlarining navbatdagi partiyasi Andijon va Namangan viloyatlari aholisiga topshiriladi.

 

B.Xudoyberdiyev,

O‘zA