Keyingi yillarda har bir hududning sayyohlik imkoniyatlarini yanada rivojlantirish hamda undan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha islohotlar olib borildi.
Xususan, zamonaviy infratuzilmani jadal rivojlantirishni ta’minlash, ko‘rsatilayotgan turizm, mehmonxona va transport xizmatlarini kengaytirishga harakat qilinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 11-12 iyul kunlari Farg‘onaga tashrifi chog‘ida ayni masalaga ham e’tibor qaratildi.

Shu o‘rinda bir ma’lumot – o‘tgan yili Farg‘onaga 430 ming nafar xorijlik sayyoh kelgan. Hududning tarixi, mehmondo‘st odamlari, milliy taomlari, go‘zal tabiati kabi omillarni hisobga olganda bu raqamni kam deyish mumkin.
Prezidentga Qo‘qon universitetida Farg‘ona turizm halqasini yaratishga oid konsepsiya taqdim qilindi.

Bu halqani yaratishdan maqsad xorijiy va mahalliy turistlarning viloyatda qolish muddatini uzaytirish, tashrif ob’ektlari sonini ikki karraga oshirishdir. Buning uchun Farg‘ona, Oltiariq, Quva, Uchko‘prik tumanlaridagi diqqatga sazovor joylar turizm yo‘nalishlariga kiritiladi. Umuman, halqada 577 ta maskan bo‘ladi, 50 dan ortiq savdo-xizmat turlari taqdim etiladi.
Quva tumanida viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tgan yig‘ilishda ham bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Sayyohlarga qulaylik yaratish uchun Shohimardon va Yordon qishloqlariga vertolyot parvozini yo‘lga qo‘yish, “Vodil” va “Oq-qiya” postlariga xalqaro maqom berish masalasi ko‘rib chiqildi. Farg‘ona tumanini turistik rekreatsion zona qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Farg‘ona shahrida «Club 777» nomli yangi mehmonxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatga sayyohlar oqimi ortayotgani, ularga xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqish lozimligi haqida so‘z bordi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, viloyat hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov va turizm sohasining boshqa vakillari ishtirok etdi.
Yangi mehmonxona barcha qulayliklarga ega. Yashil maysazor, chiroyli gullar bilan bezatilgan katta ichki hovli, keng va yorug‘ xonalar, konferensiya zallari zamonaviy qiyofada.
[gallery-18255]
Hududga sayyohlar oqimi ortishiga erishish katta natija. Bu kelgusida sohada xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud mehmonxonalarda barcha sharoitlar bo‘lishini ta’minlash, yangilarini bunyod etishga ahamiyat qaratish lozimligini talab etadi.
Muhimi bu borada viloyatda barcha imkoniyatlar mavjud.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA