Joriy yilning 23 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbir davomida Rishton tumanida yashovchi fuqaro T.M. boshqaruvidagi yuk avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashinada tegishli hujjatlari bo‘lmagan, taxminiy qiymati 15 mlrd. so‘mlik 2707 dona mobil telefonlar (IPhone 13 Pro Max, Samsung Galaxy S 22 ultra, RedMe Note 11 pro va h.k.) borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro T.M. yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Qadamjoy rayoni hududiga olib o‘tuvchi, eni 1-1,5 metr, balandligi 2 metr, uzunligi taxminan 130 metr bo‘lgan yer osti yo‘li mavjudligi aniqlandi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu yer osti yo‘li Qirg‘iziston Respublikasidan tovar-moddiy boyliklar olib o‘tishga mo‘ljallangan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.