Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona viloyatida “Oilaviy ajrimlarga qarshi kurashish oyligi” e’lon qilindi
07:27 / 2022-02-03

Farg‘onada erta nikoh, oilaviy ajrimlar hamda xotin-qizlar o‘rtasidagi jinoyatlarning oldini olish, notinch oilalar bilan ishlash yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlarga qaratilgan anjuman tashkil etildi. Unda shahar va tumanlardagi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari mas’ullari, nodavlat notijorat tashkilotlari va viloyatdagi fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari rahbarlari, fuqarolik sudlari hamda diniy idoralar vakillari ishtirok etdi.

Viloyat hududidagi mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, jamoat xavfsizligi va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash borasidagi ishlar talab darajasida emas. Xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlarining qo‘shma sessiyada oilaviy ajrimlarning oshib ketayotganligi, xotin-qizlar orasida jinoyatchilik sodir etish holatlari ko‘p kuzatilayotgani tanqid qilindi. 2021 yilda 4 ming 285 ta ajrimlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu 2020 yilga nisbatan 1,5 barobarga oshgan. 1 ming 55 ta mahallalardan 991 tasida yoki 94 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan oila nizolari bilan bog‘liq ishlar 6 ming 603 taga , nikohdan ajratish 1 ming 433 taga ko‘paygani bu borada talabchanlik yetishmasligini ko‘rsatmoqda.

Tadbirda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.Viloyatda erta nikoh, oilaviy ajralishlarning oldini olish, notinch oilalarni yarashtirish chora-tadbirlari yuzasidan qabul qilingan viloyat hokimining 2022 yil 28 yanvardagi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib,  joriy yilning fevral oyi “Oilaviy ajrimlarga qarshi kurashish oyligi” deb e’lon qilinganligi ma’lum qilindi. Ishchi guruhlari faoliyatini tashkil etish tartiblari haqida ma’lumot berildi.

Har bir mahallaga kirib borish, mahalla faollari, nuroniylar, diniy soha vakillari, profilaktika inspektorlari va pedagog-psixologlar ishtirokida ochiq muloqotlar o‘tkazib, nizoli oilalar muammolarini o‘rganib, ularni tahlil qilish va yechimlar belgilash, milliy qadriyatlar va mahalliy urf-odatlarga tayangan holda oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish rejalari haqida so‘z yuritildi.

Viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi To‘lqinoy Tojiyeva viloyat ishchi guruhi va joylardagi ishchi guruhlar oldida turgan vazifalarni birma bir, bandma band tushuntirib, noxush vaziyatlarni keltirib chiqarayotgan holatlarni misollar bilan aytib o‘tdi.Yakunda kun tartibidagi masalalarga yechim topish yuzasidan “Farg‘ona tajribasi”ni yaratish hamda muammolarni tizimli hal etish borasida kelishib olindi.

M. Sulaymonov, O‘zA