O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama manfaatli hamkorlik hududlararo ham rivojlanmoqda. Hozirgi kunda Farg‘ona viloyatida Koreya kapitali ishtirokida 43 ta korxona faoliyat olib borayotgani, joriy yilning o‘tgan davrida to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb etilgan investitsiyalar 45 million dollarni tashkil etgani ham istiqbolli hamkorlik samarasidir. Xususan, Farg‘ona viloyati bilan Inchxon shahri o‘rtasidagi do‘stona aloqalar rivojlanmoqda.

Mazkur shaharning delegatsiyasi viloyatda amaliy tashrif bilan bo‘lib, manfaatli kelishuvlarga erishildi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Koreya Respublikasi Inchxon metropoliten shahri hokimining barqaror rivojlanish hamda siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Xen Suk Li boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Unda Farg‘ona viloyati bilan Inchxon shahri o‘rtasida iqtisodiy-investitsiyaviy aloqalarni hamda ijtimoiy, madaniy boshqa qator sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.
Iqtisodiyoti va sanoati o‘ta rivojlangan, xalqaro biznesning markazi bo‘lgan Inchxon metropoliten shahri bilan Farg‘ona viloyati o‘rtasida hududlararo hamkorlikni ko‘p tomonlama rivojlantirishga kelishib olindi.Koreyaning eng yirik aeroporti joylashgan Inchxondan Farg‘ona shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yish masalasini tezlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Xen Suk Li xonim Inchxon metropoliten shahri meri nomidan viloyat hokimi Xayrullo Bozorovni Inchxonga rasman taklif qildi. Viloyat delegatsiyasining Inchxonga tashrifini kelgusi yilda amalga oshirish rejalashtirildi.

Uchrashuv yakunida Farg‘ona viloyati va Inchxon o‘rtasida savdo, investitsiya, fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport, turizm va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha keng ko‘lamli hamkorlikni ko‘zda tutgan birodarlashgan hududlar kelishuvi imzolandi.
Inchxon delegatsiyasi tarkibida tashrif buyurgan “TDC” kompaniyasi prezidenti Chan In Choy bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda Farg‘ona viloyati hokimligi va kompaniya o‘rtasida yong‘indan himoya qilish va sanoat xavfsizligi sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, Farg‘ona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahar hududida Koreya kompaniyasi investitsiyasi hisobiga zamonaviy turar-joylar barpo etish masalasi ham uchrashuv kun tartibidan o‘rin oldi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov O‘zbekistondagi rivojlanishning yangi davrida ko‘p qavatli uylar qurilishi jadal borayotgani, yirik ishlab chiqarish ob’ektlari soni muttasil ortib borayotganini ta’kidlab, bu jarayonda aholini va ob’ektlarni yong‘indan va favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yanada dolzarblik kasb etayotganini qayd etdi. Viloyat rahbari bu sohada ilg‘or Koreya tajribasini o‘rganish hamda joriy etish bo‘yicha hamkorlik samarali bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Muloqot chog‘ida 2022 yil davomida Farg‘onaga Janubiy Koreya tomonidan 3 dona maxsus o‘t o‘chirish avtomobili va 1 dona tibbiy tez yordam texnikasi, shuningdek, himoya vositalari va jihozlari bepul yetkazib berilgani qayd etildi. Kelgusi 2023 yilda yana 5 dona tibbiy tez yordam texnikasi yetkazib berilishi Koreya tomonidan ma’lum qilindi.
Uchrashuv davomida farg‘onalik 300 nafar yong‘in xavfsizligi xodimlarining kelgusi yil Koreya tomoni hisobidan ushbu mamlakatda malaka oshirishi yuzasidan kelishuvga erishildi. Farg‘ona viloyati hokimligi va “TDC” kompaniyasi o‘rtasida yong‘indan himoya qilish va sanoat xavfsizligi sohasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
Koreya-O‘zbekiston Biznes assotsiatsiyasi rahbari Edvard Kim hamda Koreyaning “Edulink Global” kompaniyasi prezidenti Chungrim Xan bilan uchrashuvda “Edulink Global” kompaniyasi tomonidan Farg‘ona shahrida barpo etishga kirishilayotgan, innovatsion ta’lim tizimiga asoslangan va yuqori darajada ingliz tili o‘rgatishga ixtisoslashgan zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi loyihasini amalga oshirish jarayonlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Muassasani barpo etish ishlari 2023 yil boshida boshlanishi, qurilish ishlari bilan birga jihozlar keltirishga hamda mutaxassislarni tayyorlashga ham kirishilishi ma’lum qilindi. Dastlabki bosqichda 400 o‘rinli bo‘lishi rejalashtirilgan ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti kelgusi yil oktyabr oyiga qadar foydalanishga topshiriladi.

Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasining joriy yil mart oyida Koreyaga tashrifi doirasida Seulda Chungrim Xan bilan muzokaralar o‘tkazilib, viloyat hokimligi va “Edulink Global” kompaniyasi o‘rtasida Farg‘onada maktabgacha ta’lim sohasiga investitsiya kiritish yuzasidan qiymati 2 million dollar bo‘lgan hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Amalga oshirilayotgan loyiha ushbu kelishuv doirasida hayotga tatbiq etiladi.
M.Sulaymonov, O‘zA