Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz
Prezidentimiz raisligida 2022 yil 18 mart kuni sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusida o‘tkazilgan ochiq muloqot doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida Farg‘ona viloyatida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish maqsadida tizimni eng quyi bo‘g‘inidan boshlab rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. O‘tgan davrda viloyatdagi tibbiy muassasalarda qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, muassasalarni tibbiy va boshqa jihozlar bilan ta’minlash, kadrlar malakasini oshirish hamda yuqori texnologik operatsiyalar uchun 102,5 milliard so‘m hamda 140 ming yevro mablag‘ sarflandi. Shundan 40,4 milliard so‘mi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
[gallery-8129]
Shuningdek, viloyatdagi 117 ta oilaviy poliklinikalarda 1 ming 15 o‘rin kunduzgi shifoxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, soat 20:00 gacha ishlash tizimi joriy etildi. 219 ta birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalarida “Shifokor ko‘rigi oldi xonalari” ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar tarkibida bolalar bo‘limlari tashkil etilib, jihozlandi. Farg‘ona shahrida 150 qatnovli malakali mutaxassislar va zamonaviy jihozlarga ega bolalar poliklinikasi tashkil qilindi.
Bundan tashqari, sobiq endokrinologiya dispanseri binosi 5,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga rekonstruksiya qilindi hamda zarur jihozlar bilan ta’minlanib, 50 o‘rinli viloyat nogiron bolalarni reabilitatsiya qilish markazi ko‘chirib o‘tkazildi. Aholiga ko‘rsatilayotgan yuqori texnologik tibbiy yordamni bosqichma-bosqich quyi tizimlarga tushirish maqsadida 12 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, zarur tibbiy apparatlar xarid qilindi.
– Viloyatning olis va chekka hududlardagi 70 ta mahallada tibbiyot punktlari va 101 ta sobiq qishloq vrachlik punktlar faoliyatini qayta tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda, –deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov. – Ushbu muassasalarni tashkil etilishi orqali 650 ming nafar aholiga birlamchi tibbiy yordam xizmatini yaqinlashtirilishiga hamda qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga erishilyapti. Rishton tumanining “Cho‘ng‘ara” mahalla fuqarolar yig‘inidagi oilaviy shifokorlik punkti binosida qurilish ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Farg‘ona tumanidagi 64-son oilaviy poliklinika va Yordon oilaviy shifokor punkti kapital ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining pulmonologiya bo‘limida mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi. Viloyat perinatal markazi hududida davlat dasturi doirasida jami qiymati 17 milliard so‘mlik 4 qavatli bino qurilish ishlari davom etmoqda. Bundan tashqari, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tug‘ma yurak nuqsonlari va bosh miyadagi murakkab nuqsonlari bor bolalarni yuqori texnologik jarrohlik usuli bilan davolash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazgan bolalarni yotib davolanishlari uchun muassasada investitsiya dasturi asosida yangi 3 qavatli davolash korpusi qurilish ishlari boshlandi.
Viloyatdagi 13 ming 510 nafar aholi respublika ixtisoslashtirilgan muassasalar rahbarlari va malakali mutaxassislari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra 1 ming 260 nafar bemorlarda murakkab turdagi operatsiyalar amalga oshirilishi rejalashtirildi. Bundan tashqari, viloyatdagi ixtisoslashgan markazlar filiallarining malakali mutaxassislarini jalb etgan holda har bir sektor kesimida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik va skrininglar amalga oshirilib kelinmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga qulaylik yaratish maqsadida ixtisoslashgan muassasalar mutaxassislari tomonidan tuman, shaharlarda yuqori texnologik operatsiyalar ham amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarda yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida joriy yilning o‘zida 1 ming 300 dan ortiq yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirildi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarida 261 ta bo‘sh turgan umumiy amaliyot shifokorlik o‘rinlariga aprel-may oylarida Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining 51 nafar talabasi, Andijon davlat tibbiyot institutining 160 nafar farg‘onalik talabasi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining 6 nafar farg‘onalik 6-kurs talabasi ishga joylashtirildi.
Tibbiyot oliygohlarida ta’lim olayotgan talabalarning oylik oladigan ishlarda bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, viloyatda 252 ta tor doiradagi mutaxassislarga ehtiyoj mavjud bo‘lib, ushbu bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirish maqsadida Andijon davlat tibbiyot institutining (farg‘onalik) 41 nafar magistranti, 98 nafar klinik ordinatura talabasini, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining 51 nafar klinik ordinatura hamda 17 nafar magistratura yo‘nalishi talabasini ishga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, olis va chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida 8 nafar oilaviy shifokorlar hamda 1 nafar akusher-ginekolog bilan shartnoma imzolanib, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan holda So‘x tumaniga ishlash uchun jo‘natildi. Viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat olib borayotgan 22 nafar xodimlarni viloyat byudjeti mablag‘lari hisobiga xorijdagi yetakchi klinika va muassasalarida malakasini oshirish uchun yuborildi. Viloyatda sog‘liqni saqlash sohasida bu kabi ezgu sa’y-harakatlar inson qadri uchun xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatlidir. Zero, salomatlikdan barchamiz uchun bebaho boylikdir.
Ma’sudjon Sulaymonov,
M.Qodirov (surat),O‘zA