Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi faoliyatida qanday yangiliklar bor?
08:00 / 2022-02-02

Fotoreportaj

Bugun globallashib borayotgan dunyoda har bir mamlakat o‘z yashil olamini himoya qilishi muhim masalaga aylanib ulgurgan. Shu yo‘l bilan mamlakatlar oziq-ovqat xavfsizligiga erisha olishi mumkin. Aynan shuning uchun ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport-import jarayonlarida mahsulotlarning fitosanitar holatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Farg‘ona viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport ko‘rsatkichlarini oshirish borasida doimiy ishlar olib borilmoqda. 

Hozirda viloyatda boshqarmaga qarashli “Vodiy”, “Quvasoy”, “Qo‘qon”, “Marg‘ilon”, “Qirguli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari va “Ravot”, “Andarxon”, “Rishton”, “Farg‘ona”, “O‘zbekiston” hamda “Farg‘ona” aeroporti O‘simliklar karantini chegara maskanlarida eksport-import jarayonlari doimiy nazoratda. 2021 yil meva-sabzavotlar eksportida gilos, uzum, xurmo, shaftoli, pomidor, quritilgan meva-sabzavotlar, olxo‘ri, o‘rik, anor, poliz mahsulotlari, dukkaklilar, qalampir kabi mahsulotlar asosiy ulushni tashkil qildi.

Ushbu jarayonlarda “Daladan eksportgacha” tamoyili asosida qilinayotgan ishlar, qishloq xo‘jaligi ekinlari, o‘simliklar, bog‘larga ziyon yetkazuvchi zararkunanda va turli kasalliklarga qarshi to‘g‘ri kurashish muhim, albatta. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksporti va importi jarayonlarida ularning mamlakatlar flora olami uchun fitosanitar xavfsizligi tabora  dolzarblik  kasb etmoqda. Buning uchun esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga turli kasallik va zararkunandalarga qarshi sifatli kurash vositalarini yetkazib berish, mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalar bilan ta’minlash, agrokimyoviy xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, tashqi bozorlarda mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirish muhim. Bunda yer egalari, fermer va dehqonlarga o‘simliklar klinikalari va biolaboratoriyalar yordam bermoqda. 

Hozirgi kunda viloyatda asosiy vazifasi o‘simliklarga agrotexnik, biologik va kimyoviy ishlov berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi hamda o‘simliklarga ishlov berish va ularga jiddiy ziyon yetkazuvchi zararkunandalar, kasalliklarga qarshi kurashish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini va aholini biokimyoviy, kimyoviy, biologik, mexanik vositalar va uskunalar (inventar) bilan ta’minlash bo‘lgan 34 ta o‘simliklar klinikasi mavjud. 2022 yilda yana 66 ta yangi klinika tashkil etilishi rejalashtirilgan. O‘simlik zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashda biologik kurashdan vaqtida, to‘g‘ri foydalanish sifatli, inson salomatligiga mutlaqo xavfsiz mahsulotlar yetishtirishga yordam beradi. Bunda, ayniqsa, biolaboratoriyalarda yetishtiriluvchi entomofaglardan foydalanish yaxshi samara beradi. Hozirda viloyatda faoliyat yuritayotgan biolaboratoriyalar soni 35 tani tashkil etadi. Joriy yilda har bir tumanda paxta to‘qimachilik klasterlari tomonidan zamonaviy, barcha asbob-uskunalar bilan jihozlangan 10 ta biolaboratoriya hamda barcha tumanlarda tashabbuskor tadbirkorlar taklifidan kelib chiqib, 1000-2000 gektar maydonni ta’minlay oladigan biolaboratoriyalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Boshqarma fitosanitar laboratoriyasi faoliyatida ham ijobiy yangiliklar yuz bermoqda. AQSH, Polsha, Turkiya, Xitoy, Latviya, Rossiya, Germaniyada ishlab chiqarilgan 20 turdagi 25 dona uskuna yordamida gerbologik, entomologik, fitopatologik tekshiruvlar o‘tkazib kelingan bo‘lsa, endilikda agentlikning Xalqaro aloqalar, jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashtirish va grantlarni jalb qilish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan yirik loyiha natijasida uskunalar soni bir muncha ortdi. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” deb nomlangan loyihasining dastlabki bosqichida viloyat boshqarmasi fitosanitar laboratoriyasiga qiymati 52,5 ming, ikkinchi bosqichda esa salkam 69 ming AQSH dollariga teng uskunalar olib kelindi. Loyiha doirasida laboratoriyaga olib kelingan 21 turdagi 31 dona eng zamonaviy ushbu asbob-uskunalar o‘simliklarga zarar keltiruvchi, oddiy qurilmalarda aniqlab bo‘lmaydigan virusli va bakteriologik kasalliklarni aniqlay oladi. Demak, laboratoriyaning imkoniyatlari kengaymoqda. Bu esa  zararkunandalarga qarshi samarali kurash choralarini o‘z vaqtida belgilash va eng asosiysi o‘simliklarni karantin ob’ektlaridan himoya qilishga xizmat qilish bilan bir qatorda, albatta, yer egalari va tadbirkorlarga qulayliklar yaratadi. 

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 15 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik tizimida Respublika agrokimyoviy tahlil markazi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Ekin maydonlari uchun agrokimyoviy xarita tayyorlash, mineral o‘g‘itlar tahlillarini hamda tuproq holatini inobatga olgan holda qishloq xo‘jalik ekinlarining mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ilmiy talabini o‘rganish, toksikologik, radiologik nazorat tahlillarini o‘tkazish markaz va uning hududiy bo‘linmalarining asosiy vazifalaridir. Hozirda Respublika agrokimyoviy tahlil markazi Farg‘ona viloyati hududiy bo‘linmasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Hududiy bo‘linmada barcha zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan tuproq, mineral o‘g‘it, toksikologik, radiologik nazorat tahlillarini o‘tkazuvchi laboratoriyalar mavjud.

[gallery-5621]

Aytish o‘rinli, bu yerda 4 yilda bir marotaba tuproq agrokimyo tahlillari o‘tkazilib, agrokimyoviy xaritalar ishlab chiqiladi. Aynan agrokimyoviy xarita sug‘oriladigan ekin yerlari tuproqlarining qishloq xo‘jalik ekinlari uchun zarur bo‘lgan ozuqa moddalari bilan ta’minlanganlik darajasini belgilovchi hujjat hisoblanadi. Agrokimyo kartogramma asosida qishloq xo‘jalik ekinlariga yetarli darajada mineral o‘g‘itlar kiritilmasligi oqibatida tuproq unumdorligi va ekinlar hosildorligi pasayib, yetishtirilgan mahsulot sifati yomonlashi mumkin. Qishloq xo‘jaligiga yetkazib berilayotgan mineral o‘g‘itlar sifati doimiy nazoratda bo‘lishi ham hosil, ham tuproq sifatini ta’minlashga xizmat qiladi. Ularning doimiy nazorati esa, albatta, agrokimyoviy tahlil markazi va hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Ta’kidlash kerak, sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarida tuproqning agrokimyoviy tahlilini o‘tkazish va agrokimyoviy kartogrammalarini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibidagi pestitsidlar, nitratlar va og‘ir metall tuzlarining qoldiq miqdorini aniqlash sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va tuproq unumdorligini saqlab qolishga yordam beradi.

Xulosa qilib aytganda, viloyatda fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash, xorij davlatlari bilan meva-sabzavotlarimiz eksportida ishonchli hamkorlikka erishish, eksport ko‘rsatkichlarini yanada oshirish yo‘lidagi ishlar izchillik bilan olib borilmoqda.

 

Muqimjon QODIROV, O‘zA