Farg‘ona viloyatida o‘tgan 2025 yilda har jabhada keskin iqtisodiy o‘sish ro‘y berdi. Masalan, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 2017 yilda 7 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib, 26,6 million so‘mga yetdi yoki 3,8 barobar o‘sdi. O‘tgan yillarda 519 ming nafar aholining bandligi ta’minlanib, ularning daromadlari oshirildi va 53 ming oila kambag‘allik reystridan chiqarildi. Viloyatda 26 ta yirik, 357 ta o‘rta va kichik investitsiya loyihalari ishga tushirilib, salkam 3 milliard dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Qishloq xo‘jaligida o‘tgan yili 94,3 ming gektar maydonda 816,7 ming tonna g‘alla yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik 86,6 sentnerni tashkil etdi. Paxtachilikda 72 ming gektarda 324 ming tonna hosil olindi. Meva-sabzavot eksporti 403 million dollarga yetdi.
Viloyatda investitsiya va eksport hajmlarini izchil oshirish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish har bir masalaga tizimli hamda manzilli yondashishni talab etadi. Bu 2026 yil rejalarida inobatga olindi. Ya’ni umumiy qiymati 8,2 milliard dollar bo‘lgan yangi yirik loyihalar paketi shakllantirildi. Joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 4,2 milliard dollar bo‘lgan loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarning 2,7 milliard dollari sanoat, 210 million dollari qishloq xo‘jaligi, 1,2 milliard dollari servis va turizm sohalariga to‘g‘ri keladi.

Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. 2026 yilda jami 595 ming nafar, shundan 98 ming doimiy ish o‘rni yaratish, 423 ming aholini daromadli qilish hamda 74 ming ish o‘rnini “soya”dan chiqarish rejalashtirilgan.
Buvayda, Uchko‘prik, Quva, O‘zbekiston, Yozyovon tumanlari hamda Marg‘ilon, Farg‘ona, Qo‘qon va Quvasoy shaharlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda 7 ta tuman va 132 ta “og‘ir” mahallada infratuzilmani yaxshilash orqali ishsizlik va kambag‘allikni ikki karra qisqartirish uchun 800 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, banklar tomonidan “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida 1,4 trillion so‘mlik kredit resurslari yo‘naltiriladi.

Qishloq xo‘jaligida meva-sabzavot mahsulotlarini xom holda emas, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot sifatida sotish orqali eksport hajmini 510 million dollarga yetkazish vazifasi belgilab olindi. Shu bois, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 175 million dollar bo‘lgan agrologistika markazlari barpo etiladi.
O‘zbekiston, Beshariq va Oltiariq tumanlarida chorvachilik, sutni qayta ishlash va naslli jo‘ja yetishtirish yo‘nalishlarida umumiy qiymati 21 million dollar bo‘lgan 4 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.

Ma’lumki, ijtimoiy infratuzilmani aholining son jihatidan o‘sishiga mos ravishda rivojlantirish zarur. Joriy yilda 33 ta maktab qurilishi va rekonstruksiyasi uchun 343 milliard so‘m ajratilmoqda.
Farg‘ona viloyatida 2025 yildan boshlab yangi tajriba joriy etilyapti. Dastlab Marg‘ilonda, endi esa Qo‘qon shahrida 17 ta davlat idorasini “Yangi O‘zbekiston” massiviga ko‘chirish orqali aholiga barcha davlat xizmatlarini bir joyda ko‘rsatadigan qulay va samarali tizimni shakllantirish vazifasi belgilandi.

Axborot texnologiyalari sohasida Farg‘ona viloyati iqtisodiyotining muhim drayveri sifatida IT yo‘nalishini jadal rivojlantirish ham bosh vazifalardan biri qilib belgilangan.
Viloyatda 139 ta IT-park rezidenti faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda axborot texnologiyalari xizmatlarining hajmini 3,5 trillion so‘mga, eksportni esa 30 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Farg‘ona shahrida yangi IT-park va majmuasi, Marg‘ilon shahrida xalqaro IT oliy o‘quv yurti, shuningdek, Farg‘ona shahrida “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Har bir loyiha aholi bandligi va turmush darajasini oshirish bilan uzviy bog‘lab amalga oshiriladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/r0RTUKZtjK4" title="Farg‘ona viloyati ko‘rsatkichlari raqamlarda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA