Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona va Jizzaxda investitsiya dasturlari doirasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
15:22 / 2022-11-17

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farg‘ona va Jizzax viloyati hokimliklari mas’ul rahbarlari ishtirokida “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning chet el investitsiyalari bilan bog‘liq moddalari ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil tadbiri yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

— Mamlakatimizda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qodir Jo‘rayev. — Zero, investitsiyalarni jalb etish orqali iqtisodiyotimizni yanada mustahkamlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyati yaratiladi.  

Qo‘mita a’zolari tomonidan nazorat-tahlil tadbiri doirasida qonun ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar atroflicha o‘rganildi. Mazkur o‘rganishlar davomida aniqlandiki, 2022 yil 1 oktyabr holatiga Farg‘ona viloyatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 565 tani tashkil etadi. Shundan 370 tasi qo‘shma korxona, 195 tasi xorijiy korxonalardir. Ularning 30 tasi qishloq xo‘jaligi, 299 tasi sanoat, 30 tasi qurilish, 127 tasi savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida, 69 tasi boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqda.  

Ushbu xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar asosan Rossiya, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Eron, Qozog‘iston davlatlari hamkorligida tashkil etilgan. Farg‘ona viloyatida amalga oshirilayotgan investitsiya dasturi loyihalari doirasida 2021 yilda jami 512 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilgan. 2022 yil yanvar-avgust oylarida ushbu ko‘rsatkich 475,9 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 barobarga o‘sgan.    

Shuningdek, tadbirda Jizzax viloyatida olib borilgan o‘rganishlar ham atroflicha tahlil qilindi. Qayd etilganidek, 2022 yil 1 oktyabr holatiga Jizzax viloyatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 211 tani tashkil etadi. Shundan 155 tasi qo‘shma korxona, 56 tasi xorijiy korxonalardir. Mazkur korxonalarning 37 tasi qishloq xo‘jaligi, 116 tasi sanoat, 12 tasi qurilish, 23 tasi savdo va xizmat ko‘rsatish hamda 23 tasi boshqa yo‘nalishlarda faoliyat olib bormoqda. Ushbu xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar asosan Turkiya, Xitoy, Rossiya, Angliya, AQSH, BAA davlatlari hamkorligida tashkil etilgan.  

Nazorat-tahlil tadbiri davomida chet el investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha amaliy ishlar bilan birga bir qator yechimini kutayotgan muammolar ham aniqlandi. Deputatlar mazkur masalalarni bartaraf qilish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar, tegishli vazirlik va idoralarga, hokimliklarga qator takliflar berdilar.  

   

Muhtarama Komilova,  

O‘zA