Farg‘ona viloyati iqtisodiyotida Koreya Respublikasining ulushi ortib bormoqda. Bunda viloyat bu mamlakat hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘ygani muhim o‘rin tutadi.
Bugun Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya Ulsan metropoliten shahri meri Kim Du Gyon bilan uchrashdi.

Ma’lumki, Ulsan shahri Farg‘onada kasbga va tilga o‘qitish markazi tashkil etgan edi. Hozir uni tugallagan yuzlab farg‘onalik yoshlar Ulsan shahridagi kemasozlik zavodida mehnat qilishmoqda.

Bugun Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va Ulsan metropoliten shahri meri Kim Du Gyon “Birodarlashgan hududlar” bitimini imzoladilar. Shartnoma ikki hudud o‘rtasida iqtisodiyot, investitsiya, ta’lim va boshqa sohalar bo‘yicha yangi hamkorlik loyihalariga keng yo‘l ochadi.
Farg‘ona viloyati delegatsiyasi a’zolari Ulsan shahrida o‘qiydigan va ishlaydigan farg‘onalik yoshlar bilan uchrashdilar.

Muhammadjon Obidov, O‘zA