Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona turizmi: Markaziy Farg‘ona
10:06 / 2026-01-25

Qaror va ijro

Yozyovon cho‘llarini Markaziy Farg‘onaning yuragi deyish mumkin. Bu yerda suv ombori, o‘nlab baliqchilik ko‘llari bor. Aslida ular sayyohlar, ayniqsa, ovchilikka qiziqqan sayyohlar uchun eng qulay maskan. Chunki bepoyon cho‘l, qum barxanlari, ular o‘rtasida esa mo‘’jizaviy ko‘l – suv ombori bor.

Prezidentning 2026 yil 12 yanvardagi "«Farg‘ona» turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida turizmni rivojlantirish uchun Yozyovonda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifa quyidagicha belgilangan:
2026-2027 yillarda Yozyovon tumani Markaziy Farg‘ona suv ombori atrofidagi yer maydonlarida turizm xizmatlarini tashkil qilish orqali ish o‘rinlari yaratilsin.

Suv ombori nafaqat cho‘llarga, uning o‘zlashgan dalalariga hayot baxsh etadi, bu yerda yana katta xazina – baliqchilik rivojlangan. Aslida suv ombori atrofida ham o‘nlab baliqchilik fermer xo‘jaliklari bor. Ularda baliq ovi boshlandi. Ko‘llarning suvi chiqarilib, hosil taroziga tushyapti. Havzalar esa ta’mirlanib, yangi yil baliqchiligiga tayyorlanyapti.

Bu tasvirlar Yozyovonning baliqchilikka ixtisoslashgan “Baraka bo‘ston durdonasi” fermer xo‘jaligida olingan. Uning 102 gektar maydoni bo‘lib, hammasi suv havzalaridan iborat. 2023 yilda fermer xo‘jaligi intensiv usulda baliq yetishtirdi.

–Har bir gektar ko‘ldan 45-48 sentnerdan hosil ko‘tardik. Bu yerda aksariyat laqqa – oq baliq, sazan, oqamur va qora postra degan baliqlarimiz bor, –deydi fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Mirzaakbar Jumayev. –Muhtaram Prezidentimiz bizga shunday imkoniyatlar berdiki, baliqchilikni rivojlantirish maqsadida intensiv usulda yetishtirgan baliqning har bir tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiyalar ajratildi. Subsidiyadan olingan pullarni baliqchilik ko‘llarimizni rivojlantirish uchun sarf etyapmiz. 

Yozyovon tumanida 87 ta shu kabi ixtisoslashgan baliqchilik fermer xo‘jaliklari bor. Ular 1100 gektarda parhez mahsuloti yetkazishyapti.
–Har yili 50-60 tonna chavoq yetishtiramiz. Undan 30-40 tonnasi o‘zimizning ko‘llarimizga tashlansa, qolgan 15-20 tonnasini qo‘shni baliqchilik fermerlariga yetkazib beramiz.

Shunday qilib, Markaziy Farg‘ona cho‘llarida baliqchilikni rivojlantirish uchun sharoitlar yetarli.

Darvoqe, bu yerda tuyachilik xo‘jaliklari ham bor.

Tuya sutidan davo izlab keluvchilar soni esa kundan-kun ko‘payib bormoqda. Demak, bu yerda yangi ish o‘rinlari yaratishi imkoniyati ham mavjud.
Ha, Prezident qarori tufayli Yozyovon tumanidagi Markaziy Farg‘ona hududida yana minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladigan kunlar keldi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dXuJdMHJI6A" title="Farg`ona turizmi: Markaziy Farg`ona" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov,

Elyor Olimov(video, surat), O‘zA