Farg‘ona viloyatining ko‘plab hududlarida tomorqadan samarali foydalanish, ko‘chat yetishtirish kabi yo‘nalishlarda katta tajriba yaratilgan. Aksariyat mahallalarda oilalar kaftdek yerdan to‘rt faslda ham yaxshi daromad olmoqda.
Rishton va Quva tumanlarida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda ana shu ilg‘or tajribalar haqida ma’lumot berildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari, “Tomorqa xizmati” korxonalari hamda Qashqadaryo viloyatidagi hokimliklarning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.


Quva tumanidagi “Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi”da ko‘chatchilik sohasini ilmiy asoslari, parvarishlash, yangi navlarni seleksiyasi bilan shug‘ullanish hamda “Yashil makon” umummilliy xarakati doirasida manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini yetkazib berish tajribasi o‘rganildi.

Fermer, dehqon ho‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida Rishton tumanida faoliyat boshlagan "Rishton tomorqa xizmati"da - aholi tomorqalariga xizmat ko‘rsatuvchi ko‘chatchilik issiqxonasi, don tegirmoni, zamonaviy muzlatgichli omborxona va meva sabzavotni qayta ishlash sexlaridan iborat 12 ta yo‘nalish tashkil etilgan.

Ko‘rgazmali seminar davomida Turkiya davlatidan keltirilgan texnologiya asosida qurilgan un ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi.
M.Sulaymonov, O‘zA