Bugun xalq deputatlari Farg‘ona shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etgan sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Farg‘ona viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev Farg‘ona shahar hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
U 1976 yilda Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan. 2010-2014 yillar viloyat g‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i, 2014-2015 yillar viloyat hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i, 2016-2020 yillar Marg‘ilon shahar hokimi bo‘lgan.
Shuningdek, Dilmurod Qobulov shahar prokurori, Dilmurod Asqarov shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, Nuriddin Erkaboyev shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlandi. Boburbek Mo‘minov esa shahar hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasida ish boshladi.
Davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyatiga tashrifining ikkinchi kunida, ya’ni 5 fevral kuni kutilmaganda Shodiyona mahallasiga bordi. Ko‘chalarda piyoda yurib, aholi bilan suhbatlashdi, muammolar ko‘pligi ma’lum bo‘ldi. Sektorlar ishini tizimli tashkil etmagani va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun Farg‘ona shahrining 4 ta sektor rahbari: hokim Hamidjon Habibidinov, prokuror Adhamjon Mamataliyev, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Shavkatjon Dadaxonov va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Vohidjon Bobobekov lavozimlaridan ozod qilindi.
M. Sulaymonov, O‘zA