Joriy yilning 18-23 aprel kunlari mamlakatimiz miqyosida o‘tkaziladigan “Kitobxonlik haftaligi” doirasida birinchi Farg‘ona kitob festivali ham tashkil etiladi.
Viloyat hokimligi yig‘ilish bayoni bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, festival davomida respublika va viloyat nashriyotlari, kitob do‘konlari ishtirokida kitob yarmarkalari tashkil etish, mualliflik kitoblari taqdimoti va dastxat qo‘yish marosimini o‘tkazish uchun respublika, ayniqsa, vodiy viloyatlarining taniqli ijodkorlarini jalb etish, shuningdek, kitob va bosma nashrlar chop etish sohasidagi yangiliklar ko‘rgazmasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
– Farg‘onada bo‘lib o‘tadigan “Kitobxonlik haftaligi” doirasida viloyat miqyosida “Eng yaxshi kitobxon hudud”, “Eng yaxshi kitobxon mahalla”, “Eng yaxshi kitobxon ta’lim muassasasi”, “Eng namunali kitob do‘koni” ko‘rik-tanlovlari o‘tkaziladi, – deydi Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Husniyaxon Shermatova. – Viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Eng kitobxon talaba”, “Eng kitobxon guruh”, “Eng kitobxon fakultet” intellektual tanlov va o‘yinlari tashkil etiladi. Viloyatda axborot-kutubxona markazlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida tajriba sifatida viloyat hokimi Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazining, shahar va tuman hokimlari hududiy axborot-kutubxona markazlarining faxriy raislari etib belgilandi.

Farg‘ona shahar hokimi Vosiljon Nazarov xayrli ishga bosh bo‘lib, viloyat axborot-kutubxona markaziga ming dona yangi badiiy adabiyotlarni sovg‘a qildi. U mazkur maskanga borib, kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi hamda kitobxonlikni rivojlantirish yo‘lida doimo ko‘makka tayyor ekanligini bildirdi.
“Kitobxonlik haftaligi” kunlarida viloyatning taniqli san’atkor va xonandalari ishtirokida gala-konsert tashkil etilib, konsertdan tushadigan mablag‘lar viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasi kitob fondini boyitishga yo‘naltiriladi.

M.Sulaymonov, O‘zA