Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona shaftolisi eksportda birinchi
14:57 / 2025-10-03

Hali endi yilning uch choragi o‘tdi. Ammo Farg‘ona viloyatida 4-5 xil meva eksportining o‘zi 200 mln dollarga yetib qoldi. Ochig‘i, bunday natija bog‘bonlar uchun ham, iqtisodchi mutaxassislar uchun ham kutilmagan edi. Masalan, Farg‘ona viloyati meva eksportida hamisha uzumchilik yetakchi bo‘lgan. 2025 yilning 8 oyi natijasiga ko‘ra, shaftoli eksporti birinchi pog‘onaga chiqdi. 64,0 mln.dollar qiymatdagi 68,3 ming tonna Farg‘ona bog‘larida yetishtirilgan shaftoli eksport qilindi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga ko‘p edi. Nima, to‘satdan dunyo bozorida uzumga ehtiyoj kamaydimi yoki shaftoliga qiziqish ortdimi? Yo‘q, dunyo bozori reytingini tinch qo‘yaylik. Gap bog‘bon va tadbirkorlar, mevachilik klaster mutaxassislarining ishbilarmonligida edi. 2025 yilda Farg‘ona shaftolisini import qilayotgan davlatlar safi bir yarim martaga ko‘paydi. Ularga Farg‘ona zaminida yetishtirilgan “Muyassar”, “Oq shaftoli”, “Anjir shaftoli” navlari tavsiya etilgan edi. Xorijlik xaridorga narxi qimmatroq bo‘lsada, Marg‘ilonning “Oq luftchak”gi ko‘proq yoqib qoldi. Natija esa yuqoridagi raqamlarda ifodasini topdi.

Uzumchilik kengaygani sayin endi uni qayta ishlash tarmoqlari ham tashkil etilmoqda. Ilgari bog‘dan uzilgan meva sovuqxonali refrijeratorlarda yoki samolyotda chet elga yetkazilar edi. Endi yoz uzumini qishgacha saqlaydigan sovuqxonalar quvvati keskin oshdi. Uzumni mayiz qilib quritadigan ixtisoslashgan korxonalar ochildi. Farg‘onada uzum sharbati ilgari ishlab chiqarilmas edi. Endi bu kabi sanoat majmualari ham qurilgan. Xullas, yetishtirilgan uzumning qayta ishlashga ajratilgan qismidan qolganidan shu yilning sakkiz oyida 35,7 ming tonna yoki 34,3 mln.dollarlik eksport qilindi. Hali yil oxirigacha bog‘lardan kamida yana shuncha uzum uziladi.

Keling, mevalar malikasi qashqar gilosi haqida ham so‘z yuritaylik.  

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-avgust oylarida Farg‘ona viloyati xorijga jami 29,7 mln AQSH dollari qiymatidagi 18,6 ming tonna qashqar gilosini eksport qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,4 ming tonnaga kam. Nega shunday?

– Ayni gilos gullagan choqda harorat odatdagidan kamida 4-5 daraja yuqori edi, – deydi quvalik mohir bog‘bon Hamidjon aka Rahimov. – Yengil suv berdik, o‘g‘itladik, lekin gilosning mevalarini issiq “urib” qo‘ydi.

– Nahot gilosni qutqarib qolish imkoni yo‘q bo‘lsa, – so‘raymiz bog‘bondan.

– Bor. Tabiiy sharoit kelgusi yillarda yana takrorlanishi mumkin. Shuning uchun gilosbog‘lar ustiga yengil soyabonlar o‘rnatish zarur. Bu bir oz mablag‘ talab qiladi. Ammo hosildorlik o‘sishi hisobiga u xarajat qoplanib ketadi, – deydi Hamidjon aka Rahimov.

Farg‘onaning So‘x, Chimyon, Mindon va Rishton o‘riklari tildan tushmaydi. Suv, yer, ob-havo bu maskanlarda aynan o‘rikka mos. Bilasiz, Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan o‘rikning salkam 80 foizi qayta ishlanadi, asosan quritiladi. Danagi olib tashlangan Subxon, Isfara navli o‘rik bargaklarini Osiyoda ham, Yevropada ham birdek sevadilar. Ammo ho‘l o‘rik mijozlari ham oz emas. Shu yilning o‘zida Farg‘ona viloyatida 24,8 mln.dollarlik 36,5 ming tonna o‘rik eksport qilindi. Ular esa Pekin, Seul, Moskva, Istanbul kabi yirik poytaxtlardagi savdo markazlarida sotildi.

Biz shaftoli, uzum, gilos, o‘rik eksporti haqida gapirdik, xolos. Farg‘ona jannatmakon o‘lka. Uning tilni yorar anjir-u qovunlari, tilladek sarg‘aygan xushbo‘y behi-yu qirmizi olmalari... E he, qay birini sanaylik. Farg‘onani olloh aziz qilgan O‘zbekistonning baraka yog‘ilgan bog‘chasi, deyish mumkin. Bu yil paxta dalalari kabi, bog‘lari ham barakaga burkandi.

Muhammadjon Obidov,  

O‘zA