Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona sayyohlarni chorlamoqda
16:15 / 2023-04-11

Prezidentimiz raisligida joriy yilning 29 mart kuni o‘tkazilgan mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda soha rivojining dolzarb vazifalari belgilab berildi. Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

bugungi kunda viloyatning Qo‘qon, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari, Rishton tumanida boshqa hududlarga qaraganda turizm yaxshi rivojlangan. 2022 yil viloyatda 15 ta turistik xizmatlar ko‘rsatilib, turizm eksporti hajmi 46,5 million dollarni tashkil etdi. Mutaxassislar joriy yilda viloyatda qo‘shimcha xizmat turlarini kengaytirish orqali turizm eksporti hajmini 100 million dollarga yetkazish mumkinligini hisob-kitob qildi.  

–Bu yil viloyatda turizmni drayver sohalardan biriga aylantirish maqsadida har bir shahar-tuman kesimida alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi, –deydi Farg‘ona viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutaxassisi Nodira Zokirova. – Xususan, Dang‘ara tumanida safari turizmi, Oltiariqda agroturizm va tibbiyot turizmi, Yozyovonda gastronomik va Beshariq tumanida ov turizmi bo‘yicha turistik marshrutlarni ko‘paytirish, xizmat sifati va salmog‘ini oshirish vazifasi belgilandi.  

Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, bugungi kunda viloyatga kelayotgan chet elliklarning aksariyati 50 va undan yuqori yoshdagi sayyohlardir. Xorijlik turistning ikki kunlik sarf-xarajati o‘rtacha 182 dollar. Shu sababli, birinchi navbatda turizm xizmatlari jozibadorligini oshirish hisobiga sayyohlar uchun besh kunlik dasturlar ishlab chiqish belgilandi. Hisob-kitoblarga qaraganda, bir nafar chet ellik sayyoh besh kunda viloyatda o‘rtacha 330-350 dollar xarajat qiladi.  

Farg‘ona viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilda viloyatda umumiy qiymati 1 trillion 117 milliard 245 million so‘mlik 66 ta loyihani amalga oshirish hisobiga turizm sohasida 1,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilmoqda. 2023 yil viloyatda turizm va unga yondosh sohalarda 18 mingta doimiy ish o‘rni tashkil etish maqsadida shahar-tumanlar kesimida aniq reja ishlab chiqildi.  

Shu tariqa viloyatda turistik ob’ektlar soni 370 taga yetkazilib, sayyohlarga 100 ga yaqin turoperatorlar xizmat ko‘rsatishi ta’minlanadi. Umuman olganda, joriy yilda turizm axborot markazlari, Wi-Fi zonalari, transport va gidlar faoliyatini kengaytirilishi hisobiga sohaning xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kamida 30 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. 2023 yilda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida 1 million 500 ming, shu bilan birga 300 ming nafar xorijlik sayyohlarni Farg‘onaga jalb etish maqsad qilingan.  

Prezidentimizning 2022 yil 29 iyuldagi “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan, Qo‘qon shahrida 12 ta moddiy-ma’naviy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish va mukammal ta’mirlashga kirishildi. Latif shaharda tashkil etilgan yangi turizm ko‘chalari yoritish tizimini yaxshilashga 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.  

Landshaft arxitekturasi bo‘yicha barpo etilayotgan so‘lim xiyobonlar bo‘ylab 500 ta dekorativ soyabonli o‘rindiqlar o‘rnatish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bugungacha 100 dan ortiq o‘rindiqlar o‘rnatildi.  

Jahon hunarmandlari shahri sifatida ham endilikda Qo‘qonning dovrug‘i yetti iqlimda mashhur bo‘lmoqda. Bu borada Turizm sohasida ekspert - O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbatson bu qadimiy kentning ko‘hna qit’adagi “tashrif qog‘ozi” bo‘lib xizmat qilayotir. Xo‘qandi latifning turkiy davlatlar, Osiyo, Amerika qit’asi mamlakatlaridagi turizm elchilari ham shaharga butun dunyo sayyohlarini chorlash uchun astoydil harakat qilmoqdalar.  

M.Sulaymonov, O‘zA