Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona paxtachiligida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratgan yozyovonlik fermer
16:58 / 2023-06-13

FOTOREPORTAJ

Farg‘ona viloyati miqyosida o‘tkazilayotgan qishloq xo‘jaligiga oid katta-kichik tadbirlarda Yozyovon tumanidagi “Mezon” fermer xo‘jaligining faoliyati ko‘p bor tilga olinib, ularning paxtachilik borasidagi samarali tajribasini ommaviylashtirish tavsiya etilmoqda.    

Ta’kidlash joiz, o‘tgan yilning kuzida “Mezon” fermer xo‘jaligi paxtakorlari birinchi terimdayoq 334 tonna hosil yig‘ib olib, shartnomada belgilangan  rejani 120 foizdan oshirib bajargan. 62 gektar paxta maydonidagi hosildorlik har bir gektar hisobiga 52 sentnerdan to‘g‘ri kelgan.

– Avvalgi dehqonchilik mavsumlarida birinchi terimda nari borsa 20-25 sentnerdan hosil olar edik, - deydi fermer xo‘jaligi rahbari Vohidjon Obidov. – Bordiyu hosildorlik 30 sentnerga yetib qolsa, xursandchiligimizdan boshimiz ko‘kka yetardi. Tajribalar o‘z samarasini berayotgani bois hosildorlikni 50 sentnerdan oshirish  biz uchun odatiy ko‘rsatkichga aylandi.  Ikki yildirki, har bir gektar paxta maydonida 240-250 ming dona ko‘chatni qoldiryapmiz. Bizning dala yumushlarimizda g‘o‘zani yagonalash, chekanka qilish tadbirlari amalga oshirilmaydi. Albatta, g‘o‘zalarni baravj rivojlanishida, bo‘yi o‘sib ketishini oldini olishda ushbu tadbirlarning ham  ahamiyati katta. Lekin, biz o‘zimizning ko‘p yillik tajribamiz asosida bor e’tiborimizni ko‘saklar sonining ko‘pligiga emas, balki chanoqlardagi hosilning  vaznini oshirishga qaratganmiz.

Fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi, suyagi dalada qotgan  dehqon Ahmadjon Ergashev “Mezon”ning mashhur bo‘lib ketishiga asos bo‘lgan tajribalari haqida shunday  tushuntirish berdi.

– Fermer xo‘jaligimiz rahbari Vohidjon ilmli va tashabbuskor, yangilikka intiluvchan inson, - deydi u. – Bundan 4 yil oldin u “Paxta maydonlaridagi ko‘chatlar sonini ko‘paytirsak, samara berarmikan?”, deb so‘rab qoldi. Men uning taklifini qo‘llab-quvvatladim. Kechagidek esimda, o‘shanda tavakkalchilikka borib 10 sotix paxta maydonida yagonalash va chekanka tadbirlarini amalga oshirmadik. Natija esa, biz kutganimizdan ham yaxshi bo‘ldi.  Bir qaraganda juda oddiy, lekin hosildorlik oshishida katta ahamiyat kasb etayotgan bu “kashfiyotimizni” tasarrufimizdagi barcha paxta maydonlarida qo‘llab baraka topyapmiz.  

Yildan-yilga paxta hosildorligini oshirib borayotgan fermer xo‘jaligining iqtisodiy ahvoli ham yuksalib bormoqda. O‘tgan yili har bir gektar paxta maydonidan 22 million so‘mdan sof daromad olindi. Bu albatta, xo‘jalikni moddiy-texnika bazasi yanada mustahkamlanishiga hamda ishchilarning moddiy manfaatdorligi oshishiga xizmat qilmoqda. Fermer xo‘jaligi hududida yashovchi 15 ta ijtimoiy yordamga muhtoj oilaga  moddiy yordam ajratilib borilayotgani ham e’tiborga loyiq.

[gallery-12318]

O‘z tasarrufidagi ekin maydonlarining  holatini besh qo‘ldek bilgan, kuzgi shudgor, yaxob berish, mahalliy o‘g‘it jamg‘arish, yerning holatiga mos urug‘ tanlash, mutaxassislar tavsiya qilgan darajada g‘o‘zani oziqlantirish, qator oralariga o‘z vaqtida sifatli ishlov berish kabi agrotexnik tadbirlar mo‘l hosil garovi, albatta. Lekin, barcha sohalarda bo‘lgani kabi  paxtachilikda ham eski ko‘nikmalar qolipidan chiqib, yangilikka intilgan insonlarga  omad yor bo‘lishi muqarrar ekanligi “Mezon” fermer xo‘jaligi faoliyati misolida o‘zining yorqin ifodasini topganiga guvoh bo‘ldik.

Ayni paytda fermer xo‘jalikning 70 gektar maydonida g‘alla o‘rimi qizg‘in pallaga kirgan.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA